Sport | 12:20 / 08.02.2022
16246
4 daqiqa o‘qiladi

Jasur Jaloliddinov - «Qayrat»ga o‘tishi, Berdiyevning qo‘ng‘irog‘i, Kapadze bilan maslahatlashgani va U-23 Osiyo Kubogi haqida

O‘zbekiston U-23 milliy jamoasi va Toshkentning «Lokomotiv» klubi  yarimhimoyachisi Jasur Jaloliddinov ijara asosida Qozog‘istonning «Qayrat» klubiga o‘tdi.

Foto: Tribuna.uz

O‘FA media bo‘limi 20 yoshli futbolchi bilan bog‘lanib, yangi jamoaga o‘tish haqidagi qarori, «Qayrat» bilan birgalikda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari va U-23 Osiyo Kubogi borasidagi savollarga javob oldi.

— Jasur, avvalo «Qayrat» klubi a’zosiga aylanganingiz bilan tabriklaymiz. Barchasi qanday yuz berdi? Sizda variantlar bo‘ldimi va aynan nima sababdan «Qayrat»da to‘xtaldingiz?

— Rossiyadan qaytganimdan so‘ng o‘tgan bir yil davomida hech qanday variantlarni qabul qilmadim, ularni ko‘rib chiqmadim ham. Bir necha kun avval «Qayrat»dan taklif bo‘lganini eshitdim, lekin ko‘chib o‘tish borasida o‘ylab ko‘rmagandim. O‘zbekistonda o‘ynashda davom etaman, degan niyatim bor edi. Biroq Qurbon Berdiyevning qo‘ng‘irog‘idan keyin hammasi o‘zgarib ketdi, u meni jamoasi safida o‘ynashga ko‘ndira oldi.

— Bu qarorga kelishingizda yana kimlar bilan maslahatlashdingiz?

— Aslini olganda, aytganimdek, boshqa klubga ko‘chib o‘tish rejamda yo‘q edi. Chunki milliy jamoada bu yil bizni ikkita nufuzli musobaqa kutib turibdi. Ushbu musobaqalarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tavakkalchilikka qo‘l urmay turgandim. Murabbiyim Temur aka Kapadze bilan maslahatlashdim, u tanlov o‘zimda ekanligini, yaxshilab o‘ylab ko‘rishim kerakligini aytdi. Oxir-oqibat «Qayrat»ga ko‘chib o‘tishga qaror qildim.

Foto: Tribuna.uz

— Qozog‘istondagi faoliyatingizdan nimalarni kutyapsiz?

— O‘ylaymanki, ushbu chempionatda o‘sishga erisha olaman. «Qayrat»dagi o‘yinlarim orqali Osiyo Kubogiga yaxshi formada kelaman, degan umiddaman.

— Shaxsiy va jamoaviy maqsadlaringiz qanday?

— Hozircha shaxsiy maqsadlar haqida o‘ylamayapman. Jamoaviy maqsadlarga kelsak, avvalo, O‘zbekiston U-23 milliy jamoasi bilan birgalikda Osiyo Kubogini qo‘lga kiritish va «Qayrat» safida ko‘proq titullarga ega chiqqan holda tarixga kirishni maqsad qilganman.

— Jamoa bosh murabbiyi Qurbon Berdiyev siz bilan suhbatda nimalar dedi?

— Aytganimdek, aynan uning qo‘ng‘irog‘idan keyin qarorlarim o‘zgarib ketdi. Meni o‘zining jamoasida ko‘rishni xohlayotgani va menga ishonch bildirishini aytdi. Shu sababli «Qayrat»ga ko‘chib o‘tishga qaror qildim. Shartnomaga keladigan bo‘lsak, sotib olish huquqi bilan 1 yilga ijara asosida Qozog‘iston klubida to‘p tepaman.

Foto: Tribuna.uz

— U-23 Osiyo kubogidan nimalarni kutyapsiz, jamoamiz qanday natija ko‘rsatadi, deb o‘ylaysiz?

— Ushbu turnir O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasi uchun ham juda muhim hisoblanadi. Barcha jamoadoshlarim bilan musobaqada g‘alaba qozongan holda, kubok va medallar bilan rahmatli do‘stimiz Diyorbek Rahimqulovning uyiga borishni maqsad qilganmiz. Chunki u jamoamizning bir bo‘lagi edi, uning o‘rni haligacha seziladi. Alloh joyini jannatdan qilsin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid