Jamiyat | 16:13 / 10.02.2022
10277
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda kelishmovchilik sababli onasini bo‘g‘ib o‘ldirgan o‘g‘il qamoqqa olindi

Kogon shahrida mudhish qotillik jinoyati sodir etildi. 52 yoshli fuqaro 73 yoshli onasini bo‘g‘ib o‘ldirgan. Bunga oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lgani ta’kidlanmoqda.

Foto: RBK

Buxoro viloyati IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 8 fevral kuni sodir bo‘lgan. Kogon shahrining Buxoroyi Sharif mahallasida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan Ch.O‘. o‘z uyida 1949 yilda tug‘ilgan onasi N.O.ni oilaviy kelishmovchilik sabab qo‘llari bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Holat yuzasidan Kogon shahar prokuraturasi tomonidan sud tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, Ch.O‘.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u qamoqqa olingan.

10 fevral kuni Buxoro viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Aliyev boshchiligida jinoyat sodir bo‘lgan mahallada keng jamoatchilik ishtirokida mazkur jinoyat muhokamasi o‘tkazilgan hamda hududda kelgusida bu kabi og‘ir turdagi jinoyatlarning oldini olish borasida tegishli mas’ullarga ko‘rsatmalar berilgan. 

Foto: Buxoro viloyati IIB
Foto: Buxoro viloyati IIB

Keyingi vaqtda Buxoroda o‘z yaqinlariga tan jarohati yetkazish, ularning qotiliga aylanish holati ko‘payib bormoqda.

Xususan, 2022 yil 4 yanvar kuni Romitan tumanida 38 yoshli fuqaro spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda o‘z akasining turmush o‘rtog‘ini pichoqlagan. 2021 yil 27 noyabr kuni G‘ijduvon tumanida 46 yoshli fuqaro o‘zaro kelishmovchilik sababli oshxona pichog‘i bilan turmush o‘rtog‘iga og‘ir tan jarohati yetkazib, uning qotiliga aylangan.

2021 yilning 30 dekabr kuni esa G‘ijduvon tumanining Denov mahallasida 41 yoshli fuqaro mast holatda 17 yoshli o‘g‘liga oshxona pichog‘i bilan og‘ir tan jarohati yetkazgan. Buning oqibatida o‘g‘li tuman kasalxonasida vafot etgan.

Mavzuga oid