O‘zbekiston | 08:00 / 04.12.2021
5358
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 5 kunda 3 ta qotillik jinoyati sodir etildi

G‘ijduvon tumanida 27 noyabr kuni 46 yoshli fuqaro o‘z turmush o‘rtog‘ining qotiliga aylandi. Bu 5 kun ichida viloyatda o‘zaro kelishmovchilik oqibatida sodir etilgan inson o‘limi bilan bog‘liq uchinchi jinoyat bo‘ldi.  

Foto: IIB axborot xizmati

Buxoro viloyati IIB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, holat 27 noyabr kuni tumanning Zarangari mahallasida sodir bo‘lgan. Mazkur mahallada yashagan, 1978 yilda tug‘ilgan R.N. va uning turmush o‘rtog‘i, 1975 yilda tug‘ilgan R.Z. o‘zaro kelishmovchilik sabab janjallashib qolishgan. Janjal vaqtida R.Z. oshxona pichog‘i bilan turmush o‘rtog‘ining ko‘krak qafasiga 1 marotaba urgan. Buning oqibatida og‘ir tan jarohati olgan R.N. vafot etgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Holat yuzasidan sudga oid tibbiy, kriminalistika hamda biologiya ekspertizalar tayinlangan. Tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro R.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Zarangari mahallasida Buxoro viloyati prokurori Mahmud Istamov, viloyat IIB boshlig‘i Shuhrat Aliyev va tegishli mas'ullar ishtirokida jinoyat muhokamasi o‘tkazilgan. Muhokamada jinoyatning kelib chiqish sabablari tahlil qilingan hamda kelgusida bu kabi jinoyatlarning oldini olish uchun mas'ullarga aniq ko‘rsatmalar berilgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Buxoroda 24 noyabr kuni 70 yoshli fuqaro qo‘shnisini o‘roq bilan urib, 28 noyabr kuni esa 50 yoshli fuqaro turmush o‘rtog‘ining jiyanini pichoqlab o‘ldirgandi.  

Mavzuga oid