Navoiy shahridagi «Yangi hayot» savdo majmuasining yuqori qavatidan tushish vaqtida bobo va nevara eskalatordan pastga quladi. Bobo voqea joyida vafot etgan, 3 yoshli nevara tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Bu O‘zbekistonda savdo majmualaridagi eskalatordan qulash bilan bog‘liq birinchi voqea emas. 2017 yili Andijon shahridagi xuddi shunday savdo majmuasida ham eskalatordan tushayotgan ona qoqilib, bolasini to‘rtinchi qavatdan pastga tushirib yuborgan. Bolaning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.

Eskalator — xavfli texnik qurilma
O‘zi eskalatorlar ko‘proq savdo markazlari, metro, aeroportlarda o‘rnatiladi. Toshkentda ayrim joylarda piyodalar yerusti o‘tish yo‘llarida ham qo‘llangan, ya’ni odamlar oqimi ko‘p bo‘lgan joylarda. Uning vazifalaridan biri — oqimni tartibga solish.
Umuman olganda, xuddi liftlar singari eskalatorlar texnik uskuna bo‘lib, undan pastga qulab ketishdan bo‘lak yana bir qancha xavfli holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Jumladan:
- harakatlanadigan perilada qo‘l qisilib qolishi;
- harakatlanuvchi zinalarda oyoqning qisilib qolib ketishi;
- uzun kiyimlarni zinalar ilib tortib ketishi;
- harakatlanuvchi zinalarning to‘satdan tezlashib ketishi yoki to‘xtab qolishi ortidan inersiya tufayli insonning yiqilib tushishi va hokazo.
Shuning uchun odamlar undan foydalanayotganda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishi kerak. Bilmaganlar va e’tiborsizlarga esa bot-bot eslatib turish zarur.




















