Rossiya rubli dunyodagi eng beqaror valutaga aylandi
Joriy yilning 21 fevral oqshomida dollar va rubl uchun bir oylik opsionlar narxidan hisoblangan rublning o‘zgaruvchanligi 33,97 foizga yetdi. Bu haqda Bloomberg birja terminali ma’lumotlariga tayanib, RBK yozmoqda.
Bir oy oldin rublning beqarorligi 20,7 foiz edi. Ushbu ko‘rsatkichga ko‘ra, Rossiya valutasi dunyoda turk lirasidan keyin ikkinchi o‘rinni egallagandi, uning o‘zgaruvchanligi 32,6 foizga yetgan.
Biroq, 14 fevralga kelib, liraning beqarorligi 19,75 foizgacha pasaydi, rublning o‘zgaruvchanligi esa 24,3 foizgacha ko‘tarildi. O‘shandan beri rubl ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha jahon valutalari orasida «yetakchi» bo‘lib turibdi, deb yozadi RBK.
Shu bilan birga, nashr Bloomberg terminali ma’lumotlarida so‘nggi kunlarda kurslari sezilarli pasayib borayotgan Ukraina grivnasi va Belarus rubli hisobga olinmaganini ta’kidlaydi.
RBK bilan suhbatlashgan tahlilchilar rublning o‘zgaruvchanligi geosiyosiy omillar fonida kuchayganini aytdi. 21 fevralda u pandemiya boshlanganidan beri maksimal darajaga yaqinlashdi: 2020 yil 18 martda bu ko‘rsatkich 37,7 foizni tashkil etgan, o‘sha kuni rubl kursi bir dollar uchun 60–65 rubldan 80 rublgacha pasaygan.
«2020 yil 18 martdagi pandemiya cho‘qqisidan tashqari, rublning o‘zgaruvchanligi 2015 yil fevralidan beri 30 foizlik belgidan oshmagandi. Ko‘rsatkichning eng yuqori qiymati 2014 yilning dekabr oyida, valuta va moliya bozorlaridagi «qora seshanba»dan keyin bo‘lgan – 75 foiz», deb yozadi RBK.
21 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olganini e’lon qildi va Rossiya qurolli kuchlariga u yerda «tinchlikni saqlash funksiyalarini» bajarishni buyurdi.
DXR va LXR tan olingani e’lon qilinishidan oldin Putin televideniyeda ko‘rsatilgan Rossiya Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida respublikalar maqomi masalasini muhokama qildi. Uchrashuvning barcha ishtirokchilari tan olish tarafdori bo‘ldi. Uchrashuvdan keyin Putin rossiyaliklarga videomurojaat bilan chiqdi.
DXR va LXR tan olinishi kutilayotgan bir paytda, Moskva birjasi indeksi 14 foizdan ko‘proqqa pasayib ketdi, bu 2008 yildan beri eng kuchli «qulash» bo‘ldi. Dollar kursi 80 rubldan oshdi. 22 fevral kuni ertalab Moskva birjasidagi savdolarda rubl biroz ortga qaytdi, dollar esa 80 rubldan pastroq darajada sotilmoqda.
Mavzuga oid
20:51 / 04.10.2024
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda - FXX rahbari
18:42 / 04.10.2024
Rossiyada o‘zbek diasporasi yetakchisi noqonuniy migratsiyani tashkil etishda gumon qilinmoqda
09:00 / 04.10.2024
«Gazprom» Rossiyada eng zarar ko‘rgan kompaniyalar ro‘yxatini boshqaryapti
23:19 / 03.10.2024