Forum ochilish marosimida 2021 yilda tovar ayirboshlash hajmini 50 foizga ko‘paytirishga erishilgani, joriy yilning ikki oyi davomida esa o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yilgidan 70 foizga oshgani ma’lum qilindi. Investitsiyaviy hamkorlikdagi muvaffaqiyatlar ham alohida ta’kidlandi, jumladan, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan Pokiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 6 baravar ko‘paydi.
Qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama savdoni jadallashtirishni nazarda tutgan holda ikki mamlakat hukumatlarining O‘zbekiston va Pokiston tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida faol hamkorlik qilishga tayyorligi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika va kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda investitsiyaviy va savdo hamkorligini oshirish borasida ulkan salohiyat borligi qayd etildi.
Forum davomida ikki mamlakat vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va yirik kompaniyalari rahbarlari tomonidan taqdimotlar o‘tkazilib, unda hamkorlik salohiyati atroflicha ochib berildi va kelgusida o‘rganish uchun istiqbolli loyihalar taklif etildi.
Forum natijalari bo‘yicha umumiy qiymati 797 million dollarlik savdo shartnomalari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar imzolandi.











