O‘zbekiston | 11:13 / 08.03.2022
8029
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda teri-tanosil kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori va “O‘zagroinspeksiya” inspektori pora olayotganda ushlandi

Shifokor mahkumni manzil koloniyasiga yubormaslik maqsadida unga nisbatan soxta kasallik varaqasi ochish uchun, “O‘zagroinspeksiya” inspektori esa fuqaroga tegishli bo‘lgan traktorga hujjat to‘g‘rilab berish uchun pul talab qilgan.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasining xabar berishicha, mahkum A.T.ning murojaatiga asosan 2022 yil 3 mart kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri bosh shifokori A.X. mahkumga nisbatan kasallik varaqasi ochib, bir oy davomida manzil koloniyasiga yubormaslik va dispanserda olib qolish evaziga 500 ming so‘mni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, prokuratura departamenti xodimlari tomonidan Nishon tumanida 2022 yil 3 mart kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda “O‘zagroinspeksiya” Nishon tumani bo‘limi katta inspektori R.Sh. fuqaro O.B.dan o‘ziga tegishli traktori uchun texnik hujjat rasmiylashtirib berish evaziga 3 million so‘m talab qilib, shundan 1 million so‘mni oldindan olib, qolgan 2 million so‘mni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan JKning 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid