O‘zbekiston | 10:55 / 03.03.2022
6817
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda «neftobaza» operatori tergovchiga 1300 dollar pora berayotganda ushlandi

MChJ operatori o‘z qilmishlarini yashirish va o‘ziga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmasligi uchun tergovchiga 2 ming dollar taklif qilgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Qashqadaryo viloyati IIBning xabar berishicha, neft mahsulotlarini saqlashga moslashgan MChJ rahbariyatining ancha miqdorda neft mahsuloti yo‘qolgani haqidagi bildirish xatiga asosan, Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Tekshiruv harakatlari davomida MChJ operatori Sh.U. bilan olib borilgan surishtiruvlar jarayonida u qilmishini yashirish maqsadida ishni o‘z foydasiga hal etish va jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik evaziga IIB tergovchisiga 2 ming dollar miqdorida pora taklif qilgan.

Tergovchi MChJ operatoriga pora berish va olish jinoyat ekani va jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risidagi tushuntirishlariga qaramasdan, Sh.U. pora taklif qilishni kanda qilmagan.

Ushbu holat yuzasidan mayor T.Rajabov pora taklif qilayotgan shaxsga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, viloyat IIB rahbariyati nomiga bildirgi bergan.

2022 yil 1 mart kuni holat yuzasidan IIV ShXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi va viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Sh.U. Qarshi shahar IIO FMB 3-sonli IIB katta tergovchisi T.Rajabovga 1,3 ming dollar bergan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Sh.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid