Jahon | 09:50 / 04.04.2022
7024
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Ukrainada 1 417 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini ma’lum qildi

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yana 2038 kishi jarohatlangan. 4 milliondan ortiq odam Ukrainani tark etishga majbur bo‘lgan.

Foto: AP

Ukrainada urush boshlanganidan 2 aprelgacha bo‘lgan vaqt ichida 1 417 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, 2038 nafari yaralangan. Bu haqda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlarida aytiladi.

Halok bo‘lganlarning 293 nafari erkaklar, 201 nafari ayollar, 22 nafari qiz bolalar va 40 nafari o‘g‘il bolalardir. Shuningdek, jinsi hozircha noma’lum bo‘lgan 59 nafar bolalar va 802 nafar yoshi katta fuqarolar hayotdan ko‘z yumgan.

Jarohatlanganlar orasida 241 nafar erkaklar, 187 nafar ayollar, 41 nafar qiz bolalar va 38 nafar o‘g‘il bolalar bor. Shuningdek, 92 nafar bolalar va 1 439 nafar yoshi kattalar borligi aytiladi.

Qurbonlar va yaralanganlarning eng ko‘pi Kiyevda, shuningdek, Cherkassk, Chernigov, Xarkov, Xerson, Kiyev, Nikolayev, Odessa, Sumi, Zaporojye, Dnepropetrovsk va Jitomir viloyatlarida qayd etilgan - 1 951 kishi, ulardan 949 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 4 milliondan ortiq odam Ukrainani tark etib, qo‘shni davlatlarga ketishga majbur bo‘lgan.

24 fevraldan 1 aprelgacha bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va yaralanganlar soni mos ravishda 1 325 va 2 017 nafarni, 24 fevraldan 21 martgacha esa mos ravishda 953 va 1 557 nafarni tashkil qilgan.

24 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainani «demilitarizatsiya» va «denatsifikatsiya» qilish maqsadida harbiy operatsiya boshladi. Mamlakat Mudofaa vazirligi tinch aholi obektlariga zarba berilmayotganini da’vo qilmoqda.

Bir kun avval BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Kiyev viloyatining Bucha shahridagi voqealarni mustaqil tergov qilishga chaqirdi. Rossiya Mudofaa vazirligi «Bucha aholi punktida tinch aholining o‘ldirilishi»ga aloqadorlik haqidagi ayblovlarni rad etdi. 

Vazirlik, xususan, Reuters va AFP kabi ommaviy axborot vositalari, shuningdek, Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak tomonidan e’lon qilingan jasadlar fotosuratlari va videolarni «yana bir provokatsiya» deb atadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid