Ukraina temiryo‘llari boshqaruvchisi bo‘lgan «Ukrzaliznytsya» kompaniyasi direktori Aleksandr Kamishinning xabar berishicha, vokzalga ikkita raketa uchib kelgan.

«Bu temiryo‘l infratuzilmasi va Kramatorsk shahri aholisiga qasddan qilingan zarba», deya yozadi «Ukrzaliznytsya».

Ukraina xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida qurbonlar soni 39 nafarni tashkil etmoqda, shundan 4 nafari bolalar. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 100 kishi yaralangan.

Telegram-kanallarda tarqalgan fotosuratlar va videolarda vokzal maydoni jasadlar va qon bilan to‘lgani aks etgan.

Vokzal binosi oldidagi jasadlar. Foto: HERVE BAR/AFP

Ukraina milliy politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, raketa kutish zaliga kelib tushgan: bu yerda evakuatsiya poyezdini kutayotgan yuzlab kishilar to‘plangandi.

«Hozirda voqea joyida politsiyachilar, qutqaruvchilar, portlovchi qurilmalar bilan ishlovchi mutaxassislar va tibbiyot xodimlari ishlamoqda. Qurbonlar ko‘p, ular orasida bolalar ham bor. Yordamga muhtojlarga kerakli yordam ko‘rsatilmoqda», deyiladi xabarda.

Kramatorsk meri Aleksandr Goncharenko rossiyalik harbiylar vokzalga oldindan belgilangan vaqtda ataylab zarba bergani haqida aytmoqda. «Poyezdlar jo‘natilishi soat 10 da boshlanadi va bosqinchilar qasddan maydonda 4 mingga yaqin kishi to‘plangan vaqtda zarba bergan», deydi u telekanallardan birining efirida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kramatorskdagi shifoxonalar temiryo‘l vokzaliga berilgan aviazarbadan yaralangan bemorlarga yordam ko‘rsatishga ulgurmayapti. «Ko‘plab odamlar oyoqsiz, qo‘lsiz qolgan. Ularni bir vaqtning o‘zida 30-40 nafar jarroh operatsiya qilmoqda», degan u.

Mer raketaning qoldiqlari zarba episentridan 40 metr uzoqlikdan topilganining o‘zi aviazarbaning qanday yuqori kuchga ega bo‘lganini anglatishini qayd etgan. 

Vokzalga raketa zarbasidan keyin yonib ketgan avtomobillar
Herve BAR / AFP / Scanpix / LETA

Donetsk oblasti gubernatori Pavel Kirilenko Telegram-kanalida dastlab zarba Rossiyaning «Iskander» raketasi bilan berilgani haqida yozdi. Keyinroq u aniqlik kiritib, gap «Tochka-U» haqida ketayotganini aytdi: «Ammo bu mohiyatni o‘zgartirmaydi, chunki rossiyaliklar qayerga zarba berayotganini aniq bilishgan».