Donetsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkinning ma’lum qilishicha, 13-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:30 dan 20:56 gacha Kramatorsk va Belenkoye aholi punktiga jami sakkiz marta zarba berilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlarda aviatsiya bombalaridan foydalanilgan.

Kramatorskda zarbalardan biri turar joylar hududiga tushgan. Natijada ko‘p qavatli uy shikastlangan. Boshqa vayronagarchiliklar haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritilmoqda.

Axborot agentliklari hodisa joyidan videolarni e’lon qildi. Kadrlarda to‘qqiz qavatli uyning bir qismi qulab tushgani va yong‘in boshlanganini ko‘rish mumkin. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, vayronalar ostida odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkin.

Hozircha hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgani va 15 kishi jarohatlangani ma’lum qilingan.

Kramatorskka avval ham zarbalar berilgan

Front chizig‘iga yaqin joylashgan Kramatorsk so‘nggi vaqtlarda muntazam ravishda havo hujumlariga uchramoqda.

31-iyul kuni ertalab Rossiya qo‘shinlari shaharga to‘rtta aviatsiya bombasi tashlagan. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, o‘sha hujumda bir kishi halok bo‘lib, 11 kishi yaralangan.

Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalardan keyin kelib chiqqan yong‘inlarning umumiy maydoni 685 kvadrat metrga yetgan.

Bundan bir kun avval ham Kramatorskka beshta aviatsiya bombasi bilan zarba berilgani xabar qilingan edi. Bombalardan biri ko‘p qavatli turar joy binosiga tushib, yong‘in kelib chiqqan. Oqibatda olti kishi jabrlangan.

20-iyulga o‘tar kechasi esa Kramatorskning turar joy mavzelari olti marta o‘qqa tutilgan. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha hujumda ham bir kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi yaralangan.