31 mart kuni ro‘y bergan voqeaning tasvirlari ichki ishlar xodimlari ayollarga kuch ishlatyapti, deya talqin qilindi. Shu sababli Kun.uz muxbirlari voqea ro‘y bergan mahallada bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi, janjalga nima sabab bo‘lganiga oydinlik kiritdi.

Biz dastlab Oq oltin mahallasi raisi To‘laboy Usanov bilan uchrashdik. Oqsoqol janjallashayotgan tomonlar aslida qarindosh ekanini bildirdi. Mahalla raisining aytishicha, bu tortishuvlar birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q.

To‘laboy Usanov, Oq oltin mahallasi raisi

Avvalroq, mahallaning bir guruh fuqarolari fermer xo‘jaligi raisi Abdusattor Duxmarov ustidan ariza yozishgan. Unda bildirilishicha, Abdusattor Duxmarov «Shomurod ota» fermer xo‘jaligiga davlat tomonidan ajratilgan yerlardan o‘z o‘g‘illariga 5 gektardan bo‘lib bergan. Mahalla raisi tushgan arizani tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limiga yo‘naltirganini aytdi. Tumandagilar arizada ko‘rsatilgan vajlar asossiz ekanini ma’lum qilishgan.

Raisga ko‘ra, murojaatchilar Abdusattor Duxmarov o‘z fermer xo‘jaligi yerlaridan uy-joy qurish uchun qarindoshlariga bo‘lib bergan, ammo ularga ishlashiga monelik qilayotganidan norozi bo‘lib dalaga chiqishgan.

Biz fermer xo‘jaligi raisini topdik, undan fikrlarini so‘radik va mojaroli yerda bo‘ldik.

Fermer xo‘jaligi raisi, 72 yoshli Abdusattor Duxmarovning aytishicha, 2009 yilgi optimallashtirish asnosida 5 ta fermer xo‘jaligi tugatilib, unga chorvachilik uchun 118 gektar lalmi yer ajratib berilgan.

Keyinchalik uning yerining 31 gektari (uning qudalaridan biriga tegishli yer ekan) ajratilib, hozir fermer xo‘jaligida 87 gektar yer qolgan. O‘sha yerning 20 gektariga Mahmadoli Qangsharov hech qanday hujjatlarsiz da’vo qilmoqda.

Abdusattor Duxmarov

Barcha hujjatlarga ega Abdusattor ota o‘z fermer xo‘jaligiga tegishli o‘sha 20 gektar yerni 5 yildan buyon tasarruf eta olmayotgani, shudgorlay olmayotgani, uning bir qismiga bodom ko‘chatlari ekishni niyat qilib eka olmayotganini aytdi.