O‘zbekiston | 12:44 / 29.04.2022
6197
2 daqiqa o‘qiladi

“Samarasiz va alohida shaxslarga berilgan soliq imtiyozlarini bekor qilamiz” – Soliq qo‘mitasi mas’uli imtiyozlar haqida

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev eksklyuziv – alohida shaxslarga berilgan imtiyoz Soliq qo‘mitasi birinchi e’tibor qaratadigan masalasi ekani haqida gapirdi. Bu borada alohida Vazirlar Mahkamasi qarori tayyorlangan.

Foto: Kun.uz

Davlat soliq qo‘mitasi 2022 yilda samarasiz imtiyozlarni bekor qilmoqchi. Bu haqda 29 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida DSQ raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ma’lum qildi.

“Birinchi e’tibor qaratadigan asosiy yo‘nalishimiz – samarasiz imtiyozlarni bekor qilish. Yoki eksklyuziv deymiz, qaysidir bir shaxsga nisbatan individual berilgan imtiyozlarni bekor qilamiz”, – dedi u.

DSQ mas’ulining ta’kidlashicha, Soliq qo‘mitasi haqiqatan imtiyoz kerak bo‘ladigan bo‘lsa, qaysidir bir sohaga ijtimoiy nuqtayi nazardan qo‘llanib, butun bir sohaga berilishi nazarda tutilgan chora-tadbirini belgilab qo‘ygan. 

Qo‘mita departament boshlig‘i Yigitali Narziyev Kun.uz bilan suhbatda bu borada 2022 yilda aniq ishlar amalga oshirilishini aytdi.

“Yangi Coliq kodeksi qabul qilingunga qadar berilgan soliq imtiyozlari bor, o‘shalarga alohida huquqlar, eksklyuziv huquqlar berilgan. Biz o‘shalarning hammasini bekor qilamiz. Aniq vaqti bor: bir qismi Prezidentning 101-sonli qarori bilan bekor bo‘ldi, qolgan qismi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori tayyorlangan. Bunda Soliq kodeksi qabul qilingunga qadar barcha imtiyozlar bekor qilinishi ko‘zda tutilgan. Bu 2022 yilning o‘zida amalga oshishi kutilmoqda”, – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda 8ta soliq turi bo‘yicha summasi 42,1 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan, shu jumladan imtiyozlar Soliq kodeksiga muvofiq – 33,0 trln so‘mni (78,4 foiz) tashkil qilgan.

Avvalroq, Kun.uz soliq imtiyozlari borasida ochiqlanayotgan ma’lumotlar yetarli emasligi borasida tahliliy maqola e’lon qilgandi.

Mavzuga oid