Aprel oyining oxirida Davlat qabul komissiyasining bayoni bilan OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi.

Fanlar majmuasida ko‘p yo‘nalishlarda juda katta o‘zgarish bo‘lmagani DTM tomonidan ma’lum qilindi. Ta’lim yo‘nalishlari soni – 461ta, shundan 7 foizida 2 ta fanning o‘rni o‘zgargan. Bitta fan o‘zgargan ta’lim yo‘nalishlari esa 2,8 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, faqatgina bitta yo‘nalish – biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishida mutaxassislik fanlari butunlay o‘zgargan.

Eng ko‘p e’tiroz bildirgan abituriyentlar 2,8 foizlik o‘zgarish ichida bo‘lganlar: “Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishiga tayyorgarlik ko‘rayotganlar bo‘ldi. Ular o‘tgan yili bu yo‘nalishlarda imtihon ona tili va tarixdan bo‘lgani uchun shu fanlardan tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Biroq joriy yil uchun tasdiqlangan fanlar majmuasida tarix olib tashlanib, o‘rniga chet tilidan imtihon qo‘yilgan. Bu esa yil davomida tayyorgarlik ko‘rgan abituriyentlarning kayfiyati tushishiga, norozi bo‘lishiga sabab bo‘lyapti.

“Abituriyentlar tavakkal qilyapti”

“Kutilmaganda e’lon qilingan bu yangilik abituriyentlardan tashqari ota-onalar va shu yo‘nalishda dars berayotgan repetitorlarni ham dovdiratib qo‘ydi. Fanlar majmuasi o‘zgaradigan bo‘lsa, bu yil boshidan aytilganda yoki o‘zgarish keyingi yildan amalga kiritilganda to‘g‘ri bo‘lardi. Sababi filologiya yoki o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishiga kamida 1-2 yil tayyorgarlik ko‘rgan yoshlarga bu qaror yomon ta’sir qildi. Ularda 3 oy bor xolos. Bu muddatda chet tilini emas, hatto ona tilini ham yaxshi o‘zlashtirib olish qiyin”, deydi ona tili va adabiyot fani bo‘yicha navoiylik repetitor Anvar Bahranov.

Uning aytishicha, ayni shu yo‘nalishlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlarining 50 foizi boshqa yo‘nalishga hujjat topshirish qaroriga kelgan, qolgan yarmi esa tavakkal qilmoqchi.

“Men o‘tgan yili o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishiga kontrakt asosida qabul qilingandim, lekin oilaviy sharoit tufayli o‘qishni rad etib, bu yil grantga o‘qishga kirish uchun qattiq tayyorlanayotgandim. Oz vaqt qolganda fanlarning o‘zgarib ketishi menga yomon ta’sir qildi. Axir bu to‘g‘ri emas-ku”,