Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 may kungi yig‘ilishda g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishini ma’lum qilib, bu uzoq kutilgan islohot ekani hamda qishloq xo‘jaligidagi qator muammolarga yechim bo‘lishini ta’kidladi.
“Barcha hokimlar bir narsani aniq tushunib olishi zarur. Nima uchun biz fermerni birjaga olib chiqyapmiz? Fermer birjaga chiqib, o‘zi g‘allasini mustaqil sotsa, uning daromadi oshadi, o‘z mehnati natijasidan rozi bo‘ladi.
Kelgusida davlat zaxirasiga xarid qilinadigan g‘alla ham faqat birjadan sotib olinadi”, dedi prezident yig‘ilishda.
Mutasaddilarga ikki hafta muddatda bug‘doy yetishtiruvchi fermer va klasterlarni birjadan ro‘yxatdan o‘tkazish hamda brokerlarni biriktirib, o‘qitishni tashkil qilish topshirildi.
Bunda fermerlar 2022 yil bug‘doy hosili uchun birja to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Joriy yil jami g‘alla hosili uchun 7,6 trillion so‘m ajratiladi. Yangi tizimni to‘laqonli, adolatli va ochiq-oshkora ishlab ketishi, har bir so‘m fermer va klasterga o‘z vaqtida, to‘liq yetib borishi, narx-navoning o‘sishi va taqchillikning oldini olish bo‘yicha “kunbay” nazorat tizimi joriy qilinadi.
Buning uchun bosh prokuror boshchiligida respublika shtabi tashkil etiladi. Hududiy shtablarga viloyat hokimlari va prokurorlari rahbarlik qiladi.
Yig‘ilishda g‘alla qabul qilish punktlari sonini kamaytirish va keyingi yildan boshlab ularni xususiylashtirish chora-tadbirlari ham belgilandi.
“Hokimlar bir narsani aniq tushunib olishlari zarur. Bug‘doyning haqiqiy egasi bu – fermer va klasterlar.
Shuning uchun, bundan buyon tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi.
Bundan tashqari, birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi. Marhamat, qaysi hududdagi korxona birjada yutib olsa, hech qanday to‘siqlarsiz g‘allani olib ketishi mumkin”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

















