«Sizni qachondir o‘zbeklarning nahorgi oshiga taklif qilishganmi? Mirjalol Qosimov sharofati bilan Toshkentda shunday ajoyib to‘y marosimida ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldim. O‘zbekistonda nahor oshini ertalabki 5 yoki 6da yeyishadi. O‘z vaqtida jahonga mashhur Rivaldoni ham nahor oshiga taklif qilishgan. Va siz bunday imkoniyatni qo‘ldan boy berishni istamasligingiz aniq.  

Meni biroz kechroq bo‘ladigan oshga taklif qilishdi. Ertalab soat 11:00da, taxminan 300 kishilik zalda, faqat erkaklar jam bo‘lishadi. Taxminan, 10 kishiga mo‘ljallangan stolga ofitsiantlar osh solingan laganlarni olib kelishadi va keyin stolda birga o‘tirgan mehmonlarning eng kichigi ishga tushadi – bu ham milliy an’ana. Dasturxonda bir dona ham guruch qolmagunicha hech kim o‘rnidan qo‘zg‘almaydi. Aytgancha, palov juda ham mazali edi.  

1995 yilgi «Spartak-Alaniya»ning asosiy yarimhimoyachisi, chempionlik mavsumida 10ta gol urishga erishgan Mirjalol Qosimov hozirda O‘zbekistonning eng kuchli murabbiylaridan biriga aylangan. U «Bunyodkor» bilan 3 marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi, 2 marta Osiyo Chempionlar Ligasi yarimfinaliga chiqqan. Ammo bular Qosimovni zarracha ham o‘zgartirmagan. Uning futbolchilik va murabbiylik faoliyatidagi yaqin hamkasbi va do‘sti Igor Shkvirin Mirjalol bilan munosabatlari avvalgidek saqlanib qolganini gapirib berdi. Nahorgi oshga borishimizdan uch kun avval Qosimov bilan xushbo‘y o‘zbek choyini ichib, bamaylixotir suhbatlashdik. U suhbatimizni hazillar bilan qizitib turdi. Boshqa davlat, misol uchun, Rossiyaga borib murabbiylik qilib ko‘rish istagi haqida so‘raganimda, vatanida ishlashni hech narsaga alishmasligini aytdi.

«Pele bilan ko‘rishgach, endi qo‘limni yuvmayman degandim...» 

 — O‘zbek futboli tarixi muzeyida Pele va uning yonida SSSR yozuvli futbolkada turgan rasmingizni ko‘rdim...

 — Bu 1987 yilda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida Nigeriya ustidan g‘alaba qozonganimizda olingan surat. O‘yin oldidan rasmga tushgandik. Shunchaki salomlashdik, o‘shanda endi qo‘limni yuvmayman, deb hazillashgandim. Ular esa ishonishdi. Yana bir rasmda men jamoa sardori sifatida kubokni ko‘tarayotganim tasvirlangan va mening yonimda o‘sha vaqtdagi UYeFA prezidenti Joao Avelanj hamda turnir homiylaridan bo‘lgan bir yapon turgandi.  

— O‘sha musobaqa yarimfinalida Kot-D’ivuarga burchak zarbasidan gol urganmisiz?