
1995 yil 25 yanvar kuni Norvegiyaning Annyoya raketa poligonidan mahalliy va amerikalik olimlar guruhi tomonidan köp poğonali Black Brant XII ilmiy izlaniş raketasi fazoga uçiriladi.
Qutb yoğdusini örganiş uskunalariga ega bölgan raketa ballistik trayektoriyada uçib, apogeyda 1453 km balandlikka kötarilişi kerak edi.
Raketa starti Rossiya harbiy kuçlarining Raketa hujumidan ogohlantiruvçi tizimi tomonidan zudlik bilan aniqlangan. Uning parvoz yönalişi xuddi AQŞ suvosti flotining Trident ballistik raketasiga öxşatilgan.
Avvalroq, Norvegiya hukumati diplomatik kanallar orqali tinç maqsadlarda raketa uçirilayotgani haqidagi xabarni Rossiyaga yetkazgan. Biroq, bu xabar noma’lum sabablarga köra RHOT xodimlariga yetib bormagan.
Raketa uçirilişi tösatdan berilayotgan yadro hujumi bölişi mumkinligi sababli, Rossiyaning strategik qurolli kuçlari jangovar holatga keltiriladi. Prezident Boris Yelsin ğarbga javob zarbasini beriş jarayonini işga tuşiriş maqsadida «yadro jomadoni»dagi «qizil tugma»ni bosadi.

Mojaro arafasida dunyodagi vaziyat
Raketa mojarosi SSSR parçalanib ketganidan qariyb 4 yil ötgaç sodir bölmoqda. Rossiya bu davrda jiddiy iqtisodiy inqirozni keçirayotgan, Çeçenistonda harbiy harakatlarda muvaffaqiyatsizlikka uçragan, NATO bilan munosabatlari yomonlaşgandi.
Bundan taşqari, Şarqiy Yevropa davlatlarini NATO a’zoligiga qabul qiliş rejasi Rossiya rahbariyati tomonidan mamlakat xavfsizligiga tahdid sifatida baholangan, hukumat ğarbni sobiq ittifoqdoş respublikalarning iqtisodiy va siyosiy reintegratsiyasiga tösqinlik qiliş maqsadi borligida ayblagan edi. Javob çoralari sifatida 1994 yil dekabr oyida Rossiyaning Strategik raketa qurolli kuçlari jangovar holatga keltirilgandi.
Raketa uçirilişi haqida ogohlantiriş
Norvegiya Taşqi işlar vazirligi Rossiya elçixonasiga raketa uçirilişi orqali ilmiy tajriba ötkazilişi haqida ikki marta (21 dekabr va 16 yanvar kunlari) ogohlantiriş yuborgan. Unda raketa uçiriladigan joy, uning qismlari qulab tuşadigan hudud haqida ma’lumot bölgan. Ammo raketaning qaçon uçirilişi haqida aniq xabar berilmagan, çunki bu jarayon ob-havo şaroitining qulay kelişiga boğliq bölgan. Bu ogohlantiriş xabari öşa davrdagi diplomatik qoidalar doirasida bölgan.
















