DW xabariga köra, 1-noyabr, yakşanba kuni keçqurun Ukrainaning aholini tahdidlardan ogohlantiriş uçun işlatiladigan rasmiy «Havo trevogasi» ilovasi kiberhujumga uçragan. Şundan söng foydalanuvçilarga radiatsiyaviy va kimyoviy xavf haqida yolğon bildirişnomalar kela boşlagan. Şuningdek, Kievda köça janglari xavfi haqida ham xabarlar tarqatilgan.

Hodisaga birinçilardan bölib Ukraina havo kuçlari munosabat bildirdi. Harbiylar ilova ehtimol «duşman taʼsiri»ga uçraganini aytib, heç qanday radiatsiya xavfi yöqligini taʼkidladi.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati esa umumdavlat ogohlantiriş tizimi odatdagi tartibda işlayotganini maʼlum qildi. Idoraga köra, tahdidlar haqidagi barça signallar viloyat maʼmuriyatlariga hamda köçalardagi ogohlantiriş tizimlariga uzatilmoqda.

Keyinroq ilova işlab çiquvçilari ham tizimga ruxsatsiz kirilganini tasdiqladi.

«Bugun begona şaxslar ilova faoliyatiga ruxsatsiz aralaşdi. Biz push-bildirişnomalarni öçirdik va ilova işini vaqtinça töxtatdik», - deyiladi ularning Telegram orqali eʼlon qilgan bayonotida.

Işlab çiquvçilar foydalanuvçilarni şubhali bildirişnomalardagi havolalarga ötmaslikka çaqirdi.

2-noyabrga ötar keçasi jamoa kiberhujumdan keyin xizmat faoliyati bosqiçma-bosqiç tiklanayotganini xabar qildi. Foydalanuvçilar yana havo hujumi xavfi haqida ogohlantirişlar ola boşlagan, biroq ayrim funksiyalar vaqtinça işlamayotgan edi.

Jamoa ilova foydalanuvçilarning şaxsiy maʼlumotlarini saqlamasligini ham taʼkidladi. Ularning bildirişiça, kiberhimoyani kuçaytiriş uçun qöşimça çoralar joriy etilmoqda.

Deyarli ayni paytda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham öz mobil ilovasi «keng kölamli kiberhujum»ga uçraganini maʼlum qildi.

Vazirlik bayonotiga köra, hujumçilar ilova orqali foydalanuvçilarga Rossiya tomon göyo yadroviy jangovar kallaklar uçirilgani haqida yolğon xabarlar yuborgan.

Rossiya FVV mutaxassislar tizimdagi zaiflikni bartaraf etiş va xizmatning odatdagi faoliyatini tiklaş ustida işlayotganini bildirdi.