19 may kuni sudda Aleksandr Shelipovning bevasi Katerina, Shishimarinning o‘zi va ayblovning ikki guvohi so‘roq qilindi, guvohlar - Shelipovlarning Chupaxovka posyolkasidagi qo‘shnisi hamda yana bir rossiyalik harbiy asir Ivan Maltisov. U qotillik chog‘ida Shishimarinning yonida bo‘lgan.

Shelipov qishloqda traktorchi bo‘lib ishlagan. «Men uning ortida o‘zimni xuddi tosh devor ortida turgandek his qilardim», deydi sudda uning bevasi. Katerina Shelipovaning so‘zlariga ko‘ra, 28 fevralga o‘tar kechasi posyolkadan tanklar o‘tgan. U va eri bu vaqtda yerto‘lada o‘tirishgan, 28 fevral tongida esa Aleksandr Shelipov portlashlardan hosil bo‘lgan voronkalarni ko‘rish uchun velosipedida aylanishga chiqib ketgan. Ko‘p o‘tmay u o‘q ovozlarini eshitgan. Ayol o‘z uyi ko‘cha eshigini ochgan va yengil avtomobilni ko‘rgan, uning orqa salonida avtomat ko‘targan Shishimarinni ko‘rgan.

Shelipova eshikni yopgan, yashiringan va avtomobil ketishini kutgan. Keyin yana ko‘chaga chiqqan va u yerda yotgan erini ko‘rgan, bu vaqtda u jon berib bo‘lgandi. «Men baqira boshladim. Qattiq baqirdim», deya eslaydi katta yoshli ayol.

Beva rossiyalik harbiy umrbod qamalishini istashini aytadi. Shu bilan birga uni «Azovstal»da asir tushgan ukrain harbiylariga almashtirishga qarshi emasligini bildirgan.

Sumi oblastida harbiy harakatlar chog‘ida halok bo‘lgan Aleksandr Shelipovning bevasi Katerina Shelipova.
​​​​​Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA

«Nega kelding, kimdan himoya qilish uchun? Meni o‘ldirilgan erimdan himoya qilmoqchimiding?» - deya rossiyalik harbiyga yuzlanadi Shelipova.

«Meni kechira olmasligingizni tan olaman, ammo baribir uzr so‘rayman», dedi sudlanuvchi.

Vadim Shishimarin birinchi sud majlisidayoq aybiga to‘liq iqror bo‘lgandi. Ikkinchi sud majlisida u tinch aholi vakilini otishni unga praporshchik va mashinada bo‘lgan yana bir kishi (uni Shishimarin ham, ikkinchi guvoh Maltisov ham «noma’lum kishi» deb atagan) buyurgan.

«Menga otishni buyurishdi». Rossiyalik harbiy sudda qurolsiz ukrainalikni o‘ldirganini tan oldi