Mariupoldagi drama teatri (portlatilgandan avval va keyin). Foto: Republic

Bir yil muqaddam, 2022 yilning 16 martida Mariupolda drama teatri portlatildi va u Ukrainadagi urushning qayg‘uli ramzlaridan biriga aylandi. Kiyev Rossiya qo‘shinlari binoga aviabomba tashlaganini ta’kidlasa, Moskva o‘zining aloqadorligini keskin rad etadi va bu «Azov» tomonidan uyushtirilgan terakt bo‘lgan deb hisoblaydi.

Portlash chog‘ida teatr binosida tinch fuqarolar — asosan ayollar, qariyalar va bolalar otishma va portlashlardan berkinib jon saqlashayotgandi. Albatta, bu urushayotgan tomonlarga ham ma’lum edi. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, aviazarba natijasida 600 nafargacha mariupollik halok bo‘lgan.

Bugunga kelib, teatr binosidan asar ham qolmagan, uning vayronalarini buzib olishda davom etishmoqda, biroq aktyorlar Ujgorod shahriga ko‘chib borib o‘z ishlarini qayta boshlashdi: hozirgacha to‘rtta premera bo‘lib o‘tdi. Spektakllardan biri vayron bo‘lgan teatrda yashaganlarning xotiralariga asoslanib yozilgan pesa bo‘yicha qo‘yildi.

Fojiaga bir yil to‘lishi arafasida voqea guvohlarining yangi kechmishlari paydo bo‘ldi, unga ko‘ra teatr binosida eng birinchi bo‘lib bombardimon qilingan tug‘uruqxonadan ko‘chirib kelingan homilador ayollar halok bo‘lishgan.

Bolalar va qariyalarning boshpanasi

Mariupoldagi Donetsk oblasti drama teatri Tinchlik shohko‘chasi va Kuinji ko‘chasi kesishmasida 1960 yilda barpo etilgan. So‘ngra uning oldidagi maydon teatr maydoni deb atala boshlandi. 2007 yilda teatrga akademik maqomi beriladi. Tinchlik chog‘ida teatr oldidagi maydonda ommaviy tadbirlar o‘tkazilardi. Keng miqyosdagi harbiy harakatlar boshlangach, Mariupol Rossiya armiyasining birinchi galdagi nishoniga aylandi va shahar qamal qilindi. Artilleriya va aviatsiya binolarni birin-ketin yo‘q qila boshladi, ko‘plab shaharliklar o‘z uylaridan ayrildi. Shunda teatr uysiz qolganlar uchun boshpanaga aylandi, ular teatrda yashab, otishmalardan jon saqlay boshlashdi. Bundan tashqari, bu yerda humanitar shtab ham tashkil qilinib, odamlarga oziq-ovqat, suv, dori-darmon va kiyim-kechak tarqatishga kirishildi. Evakuatsiya qilinadiganlar ham shu yerda to‘planishardi.

16 mart tongida Mariupol qattiq portlashlardan titrab ketdi. Yeysk aerodromidan uchgan samolyotlar shaharni bombardimon qilayotgandi. Kiyev rasmiylari Rossiya qo‘shinlari drama teatri binosiga 500 kiloli aviabomba tashlaganini ma’lum qildi. Bomba bino tomini teshib o‘tib, tomosha zalida portlagan. Portlash natijasida binoning ichki devorlari vayron bo‘lgan, tashqi yuk konstruksiyalari ham yiqilgan. Ustunsiz qolgan tom tomosha zaliga qulab tushgan.