Piyoda yurgan insonlarni moddiy rag‘batlantirishga oid prezident farmoni bandi bundan bir yarim oy oldin – 6 apreldagi PF-98-sonli prezident farmoni bilan bekor qilingan. Bu haqda huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Ana syupriz-u, mana syurpriiiiz. Ana kir yuvadig‘on moshina-yu, mana tilbizooor.
Yuz minglab fuqarolarga taalluqli loyiha bekor qilinar ekan-u, lekin 1 yarim oydan buyon bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi lom-mim deb izoh bermas ekan, qoyil, mana ochiqligu, ana ochiqlik. Yoki izoh berildi-yu, men ko‘rmay qoldimmi? Unda oldindan uzr”, – deya yozgan bloger.
Kuniga 10 ming qadamdan ortiq yurgan fuqarolarga 3 ming so‘mdan to‘lash 1 yil ham davom etgani yo‘q. 2021 yil mart oyidan kuchga kirgan tartib 2022 yil yanvarida to‘xtatib qo‘yildi. Shu bir necha oy ichida ham maxsus tashkil etilgan 1hls.uz platformasi va uning mobil ilovasi ishlashida ko‘plab muammolar kuzatildi.
Yanvar oyida bu tartib bekor qilinib, o‘rniga boshqacha – bir kunda kamida 10 ming qadam yurgan fuqarolar lotereya ishtirokchisiga aylanadigan tartib o‘rnatilishi aytilgandi. Bunda har hafta oxirida jonli efirda lotereya o‘tkazilib, bir nafar g‘olibga 100 mln so‘m va yana ming kishiga velosiped berilishi va’da qilingandi.
Oradan 3 oy o‘tar-o‘tmas, prezident farmoniga yana bir marta o‘zgarish kiritilib, endi piyoda yurganlarni rag‘batlantirish tizimi butunlay chiqarib tashlangan.
“Faqat meni bir narsaga sira aqlim yetmayapti. Bu tizimni bekor qilishning jo‘yali va asoslangan konkret sababi nima? Bunaqa taklifni ishlab chiqqan va yuqori rahbariyatni ishontira olgan Sportni rivojlantirish vazirligining maqsadi nima bo‘lgan o‘zi?” deya savol qo‘ygan Xushnudbek Xudoyberdiyev.
















