AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenbyulm Toshkentdagi Vebster universitetida, OAV xodimlari uchun kasbiy ingliz tili dasturi bitiruvchilariga sertifikatlarni topshirish tadbirida qatnashdi.

Diplomat jurnalistlar qarshisidagi nutqida O‘zbekistondagi so‘z erkinligining holatiga to‘xtaldi. Kun.uz quyida uning nutqidan asosiy qismini taqdim etadi.

Deniyel Rozenblyum, AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

— Aprel oyida ko‘pchiligimiz, menimcha, shu zalda o‘tirganlarning ham aksari, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining 2022 yildagi jahon matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarilganini ko‘rib, hayratlandik.

Reyting haqidagi bu yangilikning O‘zbekistonda qanday yoritilgani men uchun juda qiziq bo‘ldi: ko‘plab OAV O‘zbekiston reytingda 24 pog‘ona yuqorilaganini ma’lum qilishdi hamda buni mamlakatda OAV uchun yaratilgan erkinroq muhit natijasida O‘zbekiston erishgan yutuqning xalqaro doiradagi e’tirofi, deya ta’kidlagan prezident matbuot kotibi janob Asadov va yo OAVni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi raisi janob Allamjonovdan iqtibos keltirishdi. Adolat nuqtayi nazaridan, janob Allamjonov vaziyat yanada yaxshilanishi mumkinligiga ishora qilib, “agar matbuot faoliyatiga kamroq aralashilsa, yanada yuqoriga ko‘tarilish uchun imkonimiz bor”, dedi.

O‘zbekiston tashqarisidagi ba’zi ommaviy axborot vositalari esa bu voqea ortida ko‘zga tashlanmayotgan bir narsa borligini ta’kidladi. Ya’ni “yuzaki voqea ortida yashiringan haqiqiy voqea” mavjud edi. O‘ylaymanki, professional jurnalistlarning ishi o‘sha “haqiqiy voqea” nima ekanini topish va u haqda xabar berish, degan fikrga barchangiz qo‘shilasiz.

Gap shundaki, O‘zbekistonning haligi reytingda yuqoriga ko‘tarilishini tushuntirish uchun murakkabroq sabab mavjud, buning esa erkin va mustaqil OAV uchun sharoit yaxshilangani va yo jurnalist va blogerlarga nisbatan munosabat bilan aloqasi yo‘q. Gap shundaki, 2022 yilgi jahon matbuot erkinligi indeksi uchun “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti mamlakatlarni baholash metodologiyasini butunlay o‘zgartirgandi. U matbuot erkinligini baholashda beshta yangi ko‘rsatkichni joriy qildi va bu ko‘rsatkichlarning har biri bo‘yicha ma’lum bir mamlakatga oid natijalarni o‘lchash uchun yangicha so‘rov turlaridan foydalandi.