O‘zbekiston | 08:00 / 10.06.2022
5366
3 daqiqa o‘qiladi

Zara, Pull & Bear, Bershka kompaniyasi egasi O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini o‘rganmoqda

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Ispaniyaning INDITEX kompaniyasining Ijtimoiy barqarorlik direksiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Umumiy qiymati 20 milliard dollarga yaqin aktivlarni boshqaradigan INDITEX kompaniyasi tarkibiga ZARA, Bershka, Massimo Dutti, Pull&Bear va boshqa eng mashhur to‘qimachilik brendlari kiradi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, paxtani yetishtirish va qayta ishlashga yangi “klaster” yondashuvini joriy etish, paxtani yetishtirish va hosilini yig‘ishda bolalar va majburiy mehnatga barham berish, eco-friendly kiyimlarni ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalarini davlat tomonidan tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston Yevropa ittifoqining “GSP+” preferensiyalar bosh tizimi benefitsiari maqomini olgani, Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga e’lon qilingan boykot bekor qilingani haqida so‘z bordi

Tomonlar mamlakatda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali chora-tadbirlar, tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari, shuningdek, O‘zbekistonda kompaniyaning investitsiyaviy portfelini kengaytirish istiqbollarini har tomonlama ko‘rib chiqdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Uchrashuv davomida kompaniya vakillariga to‘qimachilik sohasidagi o‘zbek korxonalarini jahon miqyosidagi ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlariga jalb etish imkoniyatlari, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan to‘qimachilik kompaniyalari va paxta-to‘qimachilik klasterlarining salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan choralar, tarmoq korxonalarida ishchilar uchun mehnat sharoitlarini yaxshilash va ishlab chiqarish jarayonlari atrof-muhit va iste’molchilarga zararli ta’sirini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Uchrashuv ishtirokchilari qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda O‘zbekistonda kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish istiqbollarini batafsil muhokama qildi. To‘qimachilik sanoati korxonalari salohiyatini o‘rganish, bozor imkoniyatlarini baholash hamda amaliy hamkorlik boshqa jihatlari ustida ish olib borish rejalashtirildi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Mavzuga oid