O‘zbekiston | 17:47 / 11.06.2022
18614
3 daqiqa o‘qiladi

5 yillik staji bor xotin-qizlar o‘qishga kirish uchun tavsiyanomaga arizani qachon topshirishlari aniq bo‘ldi 

Joriy yilgi qabuldan 5 yillik stajga ega o‘rta ma’lumotli xotin-qizlarga OTMga kirishda 500 ta kvota ajratiladi. Tanlovda qatnashish uchun talabgorlar Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tuman, shahar bo‘limlariga OTMlarga qabul boshlangach, 10 kun muddatda ariza topshirishlari kerak.  

Yaqinda tasdiqlangan hukumat qaroriga ko‘ra, tavsiyanoma uchun arizalar har yili 1 maydan 1 iyunga qadar olinishi kerak. Biroq muddat o‘tib bo‘lgani sabab joriy yil istisno tariqasida arizalar OTMga qabul boshlangan kundan boshlab 10 kun muddatda Oila va xotin-qizlar tuman (shahar) bo‘limi ishchi guruhlari tomonidan olinadi.

Qabul kvotalariga oid prezident qarorida OTMlarga qabul 15 iyundan 15 iyulga qadar davom etishi belgilangan. Agar qabul 15 iyundan boshlansa, tavsiyanoma olish uchun talabgor xotin-qizlar 15 iyundan 25 iyungacha ariza topshirishlari mumkin bo‘ladi.

Qo‘mitaning xabar berishicha, arizaga quyidagi hujjat ilova etiladi:

  • Fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi;
  • Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan ko‘chirma;
  • Ma’lumotnoma-obektivka;
  • O‘rta-maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha diplom.

 Tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:

  • o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
  • tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
  • o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi. 

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlar ularning ish faoliyatiga mos bo‘lgan yo‘nalishlarini ko‘rsatgan holda Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritiladi.

Tavsiyanoma bilan ham xotin-qizlar OTMga kirish imtihonlarida ishtirok etadi. Kirish imtihonlari yakunlariga ko‘ra, to‘plangan ball bo‘yicha talabalikka tavsiya etilmagan, biroq to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizini va undan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar Qabul komissiyasi tomonidan taqsimlangan kvotalar asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida tanlovga ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi.

Mavzuga oid