O‘zbekiston | 10:04 / 11.06.2022
10746
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qon hokimi Turk dunyosi shaharlari ittifoqi direktorlar kengashi a’zosi bo‘ldi

Kecha, 10 iyun kuni Istanbul shahrida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an raisligida Turk dunyosi shaharlari birligi ittifoqi bosh assambleyasi navbatdagi 6-qurultoyi bo‘lib o‘tdi. 

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qurultoyda ittifoqqa a’zo mamlakatlar vakillari turkiyzabon davlatlar shaharlari o‘rtasida investitsiya, infratuzilmaviy va madaniy rivojlanish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish jihatlarini muhokama qildi. 

Qurultoy doirasida Turk dunyosi shaharlari birligi ittifoqi direktorlar kengashi yangi tarkibi tuzildi. Unga O‘zbekistondan Qo‘qon shahar hokimi Ma’ruf Usmonov uch yil muddatga saylandi. 

Bundan tashqari, 27—30 sentabr kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Oltoy hamjamiyatlari 10-xalqaro simpoziumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, Turk dunyosi shaharlari ittifoqi 2003 yil 12 noyabrda umumiy geografik, tarixiy va madaniy qadriyatlarga ega bo‘lgan turkiy tilli mamlakatlar shaharlari va viloyatlari bilan faoliyat olib borish maqsadida tashkil etilgan. Ittifoq bosh qarorgohi Istanbulda joylashgan. Ittifoq 30 mamlakatdan 1 200 a’zo-shahar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha dastur va loyihalarni amalga oshiradi.

Mavzuga oid