Jahon | 11:43 / 16.06.2022
25466
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Ramshtayn-3 uchrashuvidan so‘ng «yaxshi yangiliklar» haqida e’lon qildi 

Ukraina mamlakatga harbiy yordam doimiy bo‘lib qolishi haqida aniq signal oldi, dedi Zelenskiy. U AQSh prezidentiga yangi qurol-yarog‘ yetkazib berilgani uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 50 ga yaqin davlat mudofaa vazirlarining Bryusselda bo‘lib o‘tgan «Ramshtayn formati»da Ukrainaga harbiy yordam masalasi muhokama qilingan uchrashuvidan so‘ng «haqiqatan ham yaxshi yangiliklar» haqida ma’lum qildi. Bu haqda Zelenskiy 15 iyun, chorshanba kuni e’lon qilingan kundalik videomurojaatida aytib o‘tdi.

«Biz qo‘llab-quvvatlash hajmi ortishini kutmoqdamiz. Ukrainaga mudofaa yordami doimiy bo‘lishi haqida aniq signal bor», - dedi Zelenskiy. U Kopenhagenda 14 davlat ishtirokida Buyuk Britaniya va Daniya tomonidan tashkil etilayotgan donorlar konferensiyasini ham eslab o‘tdi.

Zelenskiy AQSh prezidenti Jo Baydenga «barcha hamkorlar yordamini safarbar etishdagi yetakchiligi uchun», Kiyevga yangi 1 milliard dollarlik harbiy yordam va 225 million dollarlik gumanitar yordam paketi uchun alohida minnatdorchilik bildirdi. Yangi paketga kiritilgan artilleriya va raketa moslamalari Donbassdagi jangda Ukraina uchun ayniqsa muhimdir, dedi Zelenskiy. 

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning so‘zlariga ko‘ra, yangi paketga 18 ta M777 gaubitsalari va ularni olib yurish uchun mo‘ljallangan transport vositalari, shuningdek, ular uchun 46 ming dona 155 millimetrli snaryadlar kiradi. Ukraina yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun boshqariladigan snaryadlarni ham oladi. Ushbu paketning 650 million dollari alohida fondga yo‘naltiriladi, u Ukrainaga yana ikkita Harpoon sohilbo‘yi mudofaa tizimini, shuningdek, minglab xavfsiz ratsiyalar, tungi ko‘rish moslamalari, teplovizorlar va optik nishonga olish uskunalarini olish imkonini beradi. 

Germaniya mudofaa vaziri Kristine Lambreht Ukrainaga uchta MARS II yalpi o‘t ochish tizimi, «yuzlab» raketalar va ular uchun ehtiyot qismlar ajratilganini ma’lum qildi. 

«Biz prezident Bayden bilan jang maydonidagi taktik vaziyat va g‘alabamizni qanday yaqinlashtirishni muhokama qildik: sanksiyalar, siyosat, iqtisodiy hamkorlik», - dedi Ukraina prezidenti. Zelenskiy Germaniyada 26-28 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan «katta yettilik» sammiti va 28-30 iyun kunlari Madridda o‘tkaziladigan NATO sammitida ishtirok etish taklifini qabul qilganini qo‘shimcha qildi. 

Zelenskiy shuningdek, Chernogoriya va Albaniya bosh vazirlari Dritan Abazovich va Edi Ramaning Kiyevga tashrifi hamda Shimoliy Makedoniya bosh vaziri Dimitar Kovachevski bilan videomuloqoti haqida ma’lumot berdi. Uch mamlakat yetakchilari Ukrainani Yevropa ittifoqiga nomzod davlat bo‘lish borasidagi tashabbusida qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi, dedi Zelenskiy. «Barcha xalqaro aloqalarda men himoyachilarimizning harakatlaridan hayratdaman», - dedi Ukraina prezidenti. 

Avvalroq Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen Kiyevda Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lish uchun nomzod maqomini olishi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan, natijada Yevrokomissiyaga shu hafta oxirigacha tavsiyanoma taqdim etishga va’da bergandi. 

Mavzuga oid