Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh O‘zbekistonning gender siyosatni amalga oshirishdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi
Vashingtonda Senat raisi - Gender tenglik masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi rahbari Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Oq uyning Gender siyosati kengashidagi katta maslahatchisi Reychel Fogelshteyn va Davlat departamentining Xotin-qizlar global ishlari bo‘yicha idorasi direktori Katrina Fatovat bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda Amerika tomon Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi faoliyati bilan batafsil tanishtirildi.
Gender kun tartibini “C5+1” muloqot formatida birgalikda targ‘ib qilishdan manfaatdorligiga urg‘u berib, Davlat departamenti vakili O‘zbekistonda “C5+1” ayollar biznes-forumini AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi va ishbilarmon ayollari ishtirokida o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Tanzila Norboyeva tashrif doirasida AQShning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha komissiyasining (Xelsinki komissiyasi) katta siyosiy maslahatchisi Jyenis Xelvig bilan uchrashdi.
Xelsinki komissiyasi vakili odam savdosiga qarshi kurashish va gender masalalari bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek, Markaziy Osiyo bilan ishlash borasida 25 yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis sifatida “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilingani ham muhim voqea ekanligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQSh moda industriyasi uyushmasi (USFIA) prezidenti Juliya Xyuz bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida “Cotton Campaign” koalitsiyasi tomonidan “paxta boykoti” bekor qilinishi munosabati bilan Amerika brendlari bilan biznes hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama etildi.
Uchrashuvda Amerika brendlari va mahalliy to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muvofiqlashtirishni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Kongress kutubxonasiga “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasidan kitoblar to‘plamini ham topshirdi.
Marosimda o‘zbek tilidagi kutubxona to‘plamlari saqlanayotgan Yaqin Sharq va Afrika adabiyoti bo‘limi direktori Joan Viks hamda Arab dunyosi bo‘limi boshlig‘i Muxannad Salxi ishtirok etdi.
Tadqiqotchilarni Markaziy Osiyo va o‘rta asr Sharqiga mansub, ayrimlari 7 asrga oid nodir asarlar, tarixiy hujjatlarning noyob qo‘lyozma namunalaridan iborat faksimil qo‘lyozmalar hayratga soldi va quvontirdi.
Tadbir yakunida kutubxona ekspertlari, O‘zbekiston va AQSh ilmiy doiralari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish, tarixiy qo‘lyozmalarni birgalikda raqamlashtirishga kelishib olindi.
Xususan, Amerika tomoni AQSh Kongressi kutubxonasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga qiziqish bildirdi.