“Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni monitoring qilish kerak” - Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi
Aholi iste’mol qiladigan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari narxlaridagi o‘zgarishlar ko‘pchilikni befarq qoldirmadi. O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov bu holatni nazorat qilish uchun monitoring yo‘qligini aytdi.
So‘nggi kunlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarida keskin o‘zgarishlar bo‘layotgani ko‘pchilikda savollar keltirib chiqarayotgani sir emas. O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini saqlash borasida qilinayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
“Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqaror tarzda ushlab turish uchun ularni yetishtirish hamda ishlab chiqarish, qayta ishlash miqdorini ko‘paytirish lozim. Bizda asosiy xalq iste’mol tovarlari hisoblanmish kungaboqar, oliy navli bug‘doy, shakarqamish kabi mahsulotlar juda kam miqdorda yetishtiriladi. Avvallari shakarqamish Xorazm, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarining ba’zi bir hududlarida ekilar edi. Hozir esa asosan import qilinmoqda”, dedi u.
Uyushma raisiga ko‘ra, xalqimizning asosiy iste’mol mahsulotlari bo‘lgan kungaboqar, oliy navli bug‘doy, shakarqamish kabi mahsulotlarni yetishtirishni ko‘paytirish yaxshi natija beradi.
“Bundan tashqari, mahsulotlar narxini barqaror tarzda ushlab turish uchun yetishtirish va ishlab chiqarish monitoringini tashkil etish kerak. Qayerda qanday mahsulot qancha miqdorda yetishtirilyapti yoki ishlab chiqarilyapti? Aynan shu kabi savollar savolligicha qolib ketmoqda. Bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligidan statistik, monitoring ma’lumotlarini ololmayapmiz, xususan, rasmiy sayt va boshqa manbalarda bu kabi ma’lumotlar taqdim etilmagan.
Monitoring ma’lumotlari ochiq bo‘lishi zarur, dehqon va fermerlar yil boshida qanday mahsulotni qancha miqdorda yetishtirishni bilishlari kerak. Shunda bir yil bu mahsulot, bir yil bu mahsulot narxining «katta sakrashi», oshib yoki tushib ketishi holatlari kuzatilmaydi, shuningdek, isrofgarchilik, vaqt hamda mehnat uvol ketishi holatlarining oldi olinadi.
Bundan tashqari, mahsulotlarni eksport qilish uchun ham monitoring ma’lumotlari muhim hisoblanadi. O‘tgan yili «Agrozan» xalqaro savdo kompaniyasi vakillari O‘zbekistondan Xitoy davlatiga 600 ming tonna mosh eksport qilish taklifi bilan uyushmamizga kelishdi. Ammo bizda 600 ming tonna moshni bir vaqtning o‘zida topib berish imkoni bo‘lmaydi. Sababi aynan moshning qaysi hududda qancha miqdorda yetishtirilayotgani haqida ma’lumotlar yo‘q edi”, deya ta’kidladi Bahodir Umirshayxov.
Mamlakatimiz aholisini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlashda davlat va xususiy tashkilotlar hamkorlikda fermer hamda dehqonlarimizga yordam berishimiz, ularni qo‘llab-quvvatlashimiz zarur.
Ma’lum qilinishicha, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda davlat va xususiy tashkilotlar hamkorlikda fermer hamda dehqonlarga yaqindan yordam berib, ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Uyushma fermer hamda dehqon xo‘jaliklaridan bu borada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida murojaatlarni kutib qoladi.
Murojaat uchun:
“O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati” uyushmasi Matbuot xizmati