Ukrainadagi urush. So‘nggi ma’lumotlar
- Ukraina razvedkasiga ko‘ra, Rossiya bombardimonchilari ilk bor Belarus ustidan qanotli raketalar uchirdi. Bungacha qanotli raketalar Qora dengiz ustidan, shuningdek Kaspiy dengizi ustidan uchirilardi. 25 iyun tongida Ukraina tomon, jumladan mamlakat shimoli va g‘arbiga ham 48 ta qanotli raketalar uchib kelgan.
- Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi Severodonetsk hududidagi harbiy harakatlar to‘g‘risida ma’lumot bermay qo‘ygan. Lugansk oblasti rahbari ukrain harbiylari shaharni tashlab chiqqanini ma’lum qilgan. Shuningdek Lisichansk shahriga janubdan hujum qilinmoqda.
- Ilon oroliga (Zmeiniy) hujum davom etmoqda, Ukraina tomonining navbatdagi zarbalari oqibatida Rossiyaning radiolokatsion stansiyasi, shuningdek ikkita «Pansir» zenit-raketa majmuasi yo‘q qilingan. O‘z navbatida Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari orol hududida bir necha dronlar va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari snaryadlari urib tushirilganini ma’lum qilgan.
- Britaniya harbiy razvedkasi hisoblashicha, iyun oyida Rossiyaning turli harbiy tuzilmalarida qo‘mondonlik qilgan bir necha general lavozimini yo‘qotgan. Masalan, Rossiya mudofaa vazirligi hisobotida general-polkovnik Sergey Surovikin Donbassdagi janubiy guruh qo‘mondoni sifatida keltirilgan. U avvalroq havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni sifatida ma’lum edi.
- Putin va Lukashenko Peterburgda muzokaralar o‘tkazdi. Rossiya prezidenti Belarusga «Iskander-M» raketa majmualari yetkazib berilishini va’da qildi. Bu qurollar yadro kallaklari bilan jihozlanishi mumkin.
- Rivne oblastiga raketa zarbalari oqibatida uch kishi halok bo‘lib, to‘rt kishi yaralangan.
- Rossiya armiyasi maktab bitiruvchilari bilan to‘ldirilishi mumkin - Davlat dumasi o‘rta ta’lim diplomini olgandan keyin darhol shartnoma imzolashga imkon beradigan tuzatish tayyorlamoqda.
Quyida Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar.
Xarkiv

Xarkiv markazidagi Milliy texnika universiteti sport kompleksi tungi otishmalardan keyin. Ukrain nashrlari xabar qilishicha, kompleksga rossiyaliklar raketasi kelib tushgan. Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 24 iyun kuni Xarkiv yo‘nalishida rossiyaliklar shaharning o‘zidagi infratuzilma obektlari va Vyalovskiy rayonidagi suv omborini o‘qqa tutgani, Uda qishlog‘i atrofida shturm amalga oshirishga uringani va Yavorskoye qishlog‘iga vertolyotlar orqali zarbalar yo‘llagani aytilgandi.


























