Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 4 iyulga o‘tar kechasi qilgan kunlik murojaatida mamlakat armiyasi Lugansk oblastidagi oxirgi yirik shahar bo‘lmish Lisichanskdan chiqib ketganini tasdiqladi. Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi shahar ruslar qo‘liga o‘tganini e’lon qilgan, keyinroq bu ma’lumotni Ukraina bosh shtabi tasdiqlagandi.
Zelenskiy Ukraina albatta ruslar bosib olgan yerlarini harbiy taktika va zamonaviy qurollar yordamida qaytarib olishini aytdi. «Ukraina yerlarini berib qo‘ymaydi. Kimdir Moskvada Lugansk oblasti haqida gapirayotganda 24 fevralgacha bergan va’dalarini eslasin. Ular hozir nimaga egalik qilayotgani va bu uchun qancha to‘laganini hisoblab ko‘rsin», dedi Ukraina yetakchisi.
G‘arb ekspertlarining aytishicha, Rossiya aprelda boshlangan «Donbassdagi katta jang» davomida Lugansk oblastining uncha katta bo‘lmagan qisminigina egallagan. Xususan, keskin janglar o‘tgan Severodonetsk va Lisichansk shaharlarini. Bu shaharlarni olish uchun Rossiya kutilganidan ham ko‘proq qurol va shaxsiy tarkib bo‘yicha yo‘qotishlarga uchragan.
O‘z navbatida, Ukraina ham bu shaharlar mudofaasi vaqtida katta yo‘qotishlarga uchradi. Ukraina tomonining aytishicha, Rossiya hududda qurol-yarog‘ bo‘yicha katta ustunlikka ega va shu sabab Ukraina armiyasini siquvga olib urushmoqda.
«Biz jangchilarimizning hayotini ehtiyotlaymiz. Agar armiyamiz qo‘mondonligi dushman katta ustunlikka ega bo‘layotgan frontning ma’lum uchastkalaridan - bu Lisichanskka ham taalluqli - odamlarni olib ketishga qaror qildimi, demak biz u yerga harbiy taktika va zamonaviy qurollarimiz bilan qaytamiz», dedi Zelenskiy.
Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi Lisichanskdagi holat bo‘yicha munosabat bildirgan. «Rossiyaning bosqinchi qo‘shini artilleriya, aviatsiya, baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari, o‘q-dori va shaxsiy tarkib borasida ustunlikka ega bo‘alayotgan bir vaqtda shahar mudofaasida qolish katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lardi. Ukraina himoyachilarining hayotini saqlab qolish maqsadida chekinishga qaror qilindi», deyiladi shtab bayonotida.
Bayonotida yozilishicha, Ukraina armiyasi jang qilishda davom etadi. «Afsuski, g‘alaba uchun vatanparvarlik va chidamkorlikning o‘zi kamlik qiladi, bizga moddiy-texnik ta’minot kerak. Lugansk himoyachilari boshqa hududlarda bo‘lgani kabi o‘z vazifalarini qahramonlarcha bajarishdi. Biz albatta qaytamiz va g‘alaba qozonamiz!» degan ukrain harbiylari.
Lugansk oblasti to‘liq boy berildimi?
Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi bayonotidan yarim soat avval Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanizni qabul qilgan Zelenskiy Rossiya Lugansk oblasti ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishi mumkinligi, ammo har kuni voqealar o‘zgarayotgani, ayrim aholi yashash punktlari qo‘ldan qo‘lga o‘tayotganini aytgandi.












