DW xabariga koʻra, WSJ 20-oktabrda eʼlon qilgan maqolasida Mask va Tramp cheklovlarni telefon orqali muhokama qilganini bildirgan. Manbalarning ayrimlari suhbat cheklov joriy etilganidan keyin boʻlganini aytgan. Boshqa bir manba esa undan oldin ham muloqot boʻlganini taʼkidlagan.

Ayrim amerikalik rasmiylarga koʻra, Mask mustaqil harakat qilgan va Tramp Ukrainaga nisbatan javob choralari boʻyicha bevosita koʻrsatma bermagan. Vaziyatdan xabardor boshqa manba esa Mask cheklovni kiritishdan avval maʼmuriyatning bir nechta yuqori martabali vakili, jumladan, Tramp bilan maslahatlashganini bildirgan.

Mask, SpaceX va Oq uy Reuters agentligining bu boradagi izoh soʻrovlariga xabar eʼlon qilinguniga qadar javob bermagan.

Kiyev yuqori harakat tezligida aloqa uzilayotganini aytmoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 19-oktabrda harbiylar aloqa va dronlarni boshqarish uchun foydalanadigan Starshield tizimi frontda soatiga 130–161 kilometr harakat tezligida ishlashdan toʻxtayotganini bildirgan.

Uning soʻzlariga koʻra, uzilishlar Ukraina dronlaridan foydalanishni ham, Rossiya uchuvchisiz apparatlarini tutib qolishni ham qiyinlashtirmoqda. Bu yerda gap internet tezligi emas, aloqa terminalini olib yurgan vositaning harakat tezligi haqida bormoqda.

Ukraina Mudofaa vazirligi cheklovlar 14-oktabrga oʻtar kechasi paydo boʻlganini maʼlum qilgan. Vazirlik 15-oktabrda tizimning dala sharoitidagi ishi tiklanganini bildirgan boʻlsa-da, Zelenskiy keyinchalik yuqori tezlikdagi muammolar saqlanayotganini aytgan.

Avvalgi bayonotlar va yangi xabar oʻrtasidagi ziddiyat

The Telegraph 16-oktabrda manbalariga tayanib, Starshield’ni cheklash gʻoyasini Mask ilgari surgani, Tramp uni qoʻllab-quvvatlaganidan soʻng Pentagon limitlar joriy etganini yozgan edi.

Mask esa Starshield ishiga oid cheklovlarni AQSH harbiylari va yakuniy hisobda mamlakat prezidenti belgilashini taʼkidlagan. Tramp oʻzi bunday koʻrsatma bermaganini va Mask ham bergan deb oʻylamasligini aytgan.

17-oktabrda AQSH davlat kotibi Marko Rubio ham Oq uydan tizimni sekinlashtirish boʻyicha koʻrsatma berilganini rad etgan. U texnik muammolar boʻlganini tan olgan, ammo tizimdan foydalanish imkoniyati tiklanganini bildirgan.