O‘zbekistonning bojxona chegara postlaridagi navbatlar muammosi anchadan beri haydovchilarni qiynab keladi. Asosan boshqa mamlakatlarga yuk tashiydigan haydovchilar 10 kun yo‘lda yursa, 5 kun chegara postida kutish bilan umr o‘tkazadi.

Toshkent shahridan uncha uzoq bo‘lmagan joyda “Mayskiy” nomi bilan tanish “S.Najimov” chegara bojxona posti joylashgan. Mazkur O‘zbekiston–Qozog‘iston chegara posti orqali kuniga yuzlab har xil turdagi iste’mol mahsulotlari boshqa mamlakatlarga eksport maqsadida olib o‘tiladi.

Uzoq yillardan buyon yechimini topmay kelayotgan muammo bor – yuk mashinalari haydovchilari chegarani kesib o‘tishda sutkalab vaqt yo‘qotmoqdalar.

Kun.uz muxbiri chegara hududda bo‘ldi va u yerda 150 dan ortiq yuk mashinasi navbat kutib turganiga guvoh bo‘ldi.

Xo‘sh, nima uchun haligacha bunga yechim topilmagan? Bojxonalardagi navbat va tirbandlikning “davosi” qanday? Kun.uz muxbiri shu savollarga javob topish maqsadida bojxona chegara postiga borib holatni o‘rgandi.

Postdagi avtoturargoh nazoratchisi Qanoatbek Anvarbekovning ta’kidlashicha, postga kuniga 100 ta yuk mashinasi kelib, navbatga turadi:

Skoroportlar [tez aynuvchi mahsulotlar – tahr.]ning o‘zi 2 sutkaga qolib ketyapti. Chegara bojxona posti kuniga 70 ta yuk mashinasini “torta” olmayapti. Misol uchun, bugun yaxshi o‘tdi, 2 kunda faqat “skoroport”ning o‘zi o‘tmoqda. Qolganlari esa navbatini kutib o‘tiraveradi. Navbatda turgan transport vositalarining soni 300 tagacha ham chiqib ketyapti”.

Holat bo‘yicha haydovchilar e’tirozlarni bildirishdi. Aytishlaricha navbatda sutkalab qolib ketish boshqa muammolarni ham keltirib chiqarmoqda.

— Kelganimizga bir sutka bo‘ldi, navbatimiz qachon kelishini bilmaymiz. Vaqtdan yutqazyapmiz. Bir kun bu yerdan o‘tsak, kelishda yana 3 kun sarflaymiz. Hali postlardan chiqib, Rossiyaga kirish ham bor. Boshqa davlat haydovchilarini ko‘rib, havas qilamiz. Ular bizning mamlakatga kelsa, “Nega bunday uslubda ishlaysizlar?”, deya so‘rashadi. 30 yil haydovchilik qilgan bo‘lsam, bunday holatda ishlamagandim. Oiladan chiqib ketamiz, 10 kun yo‘lga ketadigan vaqtimiz 15 kun bo‘lib ketyapti”, – deydi haydovchilardan biri.