Xarita Jahon savdo tashkilotining 2024-yil uchun eʼlon qilingan soʻnggi mavjud maʼlumotlari asosida tayyorlangan. Statistikada faqat tovarlar eksporti hisobga olingan boʻlib, xizmatlar eksporti kiritilmagan.

Maʼlumotlar mamlakatlarning eksport tarkibi ularning tabiiy resurslari, geografik imkoniyatlari va iqtisodiyotning rivojlanish darajasiga qarab keskin farq qilishini koʻrsatadi.

Xususan, tabiiy resurslarga boy koʻplab davlatlarda neft va gaz asosiy eksport mahsuloti boʻlib qolmoqda. Kanada, Nigeriya va Saudiya Arabistoni jahon neft bozorining yirik ishtirokchilari hisoblanadi. Jazoir, Rossiya va Qatar eksportida esa ulkan tabiiy gaz zaxiralari muhim oʻrin tutadi.

Ayrim mamlakatlarning tashqi savdosi boshqa turdagi qazilma boyliklarga tayanadi. Masalan, Chili va Peru tarixan misning yirik ishlab chiqaruvchilari sanaladi. Soʻnggi yillarda ushbu mamlakatlardagi katta litiy zaxiralari ham jahon bozori uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. Litiyga boʻlgan talabning ortishi, xususan, zamonaviy akkumulyatorlar va elektr transport vositalari sanoatining rivojlanishi bilan bogʻliq.

Avstraliya iqtisodiyotida temir rudasi muhim eksport resurslaridan biri hisoblanadi. Kongo Demokratik Respublikasi esa kobalt va koltan kabi qimmatli foydali qazilmalarning yirik zaxiralari bilan ajralib turadi.

Qishloq xoʻjaligi uchun qulay sharoitga ega mamlakatlarda esa eksportning asosiy qismini oziq-ovqat va agrar mahsulotlar tashkil etadi. Argentina, Braziliya, Misr, Ispaniya va Ukraina shunday davlatlar qatoriga kiradi. Ularda unumdor yerlar va rivojlangan qishloq xoʻjaligi tashqi savdoning muhim manbalaridan biriga aylangan.

Shu bilan birga, vaqt oʻtishi bilan tabiiy resurslarga boy davlatlarning bir qismi faqat xomashyo qazib olish va sotishga asoslangan iqtisodiyotdan bosqichma-bosqich uzoqlashmoqda. Sanoatlashuv va texnologik taraqqiyot mamlakatlarga yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish imkonini bermoqda.

Natijada ayrim iqtisodiyotlarda neft, gaz yoki mineral xomashyo oʻrnini mashinalar, sanoat uskunalari, elektronika va boshqa tayyor mahsulotlar egallab bormoqda. Bu esa mamlakatning eksportdan oladigan daromadini oshirish va iqtisodiyotni xomashyo narxlariga bogʻliqlikdan qisman xalos qilish imkonini beradi.