Toshkent viloyatidagi Piskom daryosida choʻkib ketgan fuqaroning jasadi topildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 26-avgust kuni Boʻstonliq tumanidagi Piskom daryosida baxtsiz hodisa sodir boʻlgan: Qibray tumanida yashovchi 30 yoshli fuqaro choʻkib ketgan.

Oʻsha kuni bir guruh fuqarolar Piskom daryosiga SUP-doskada sayr qilish maqsadida kelgan. Sayr vaqtida ulardan biri boshqaruvni yoʻqotib, qoyali qirgʻoqqa urilgan va suvga tushib ketgan. Qutqaruv nimchasi kiymaganligi sababli kuchli suv oqimi uni suv ostiga olib ketgan.

Choʻkib ketgan fuqaroni qidirish uchun FVVning gʻavvoslari jalb etilgan. Shu vaqtga qadar qutqaruvchilar tomonidan faol qidiruv ishlari olib borilgan.

10-sentabr kuni fuqaroning jasadi gʻavvoslar tomonidan topilgan.

Vazirlik suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqirgan. 

Avvalroq Chorvoqda ota va uning ikki oʻgʻli choʻkib ketgandi. Hozircha ulardan birining jasadi topilgan.