Jahon | 10:59 / 14.07.2022
3832
2 daqiqa o‘qiladi

Ilya Yashin Rossiya armiyasi haqidagi «feyklar» uchun tergov izolyatoriga yuborildi

Yashinga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga 7 aprel kuni YouTube-kanalida Yashin Ukrainaning Bucha shahrida rossiyalik harbiylar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqida gapirib bergan ko‘rsatuv sabab bo‘lgan.

Foto: IMAGO

Moskvaning Basmanniy tuman sudi muxolifatchi siyosatchi Ilya Yashinni Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari haqida ataylab yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 207.3-moddasi) ayblab, 12 sentabrgacha hibsga oldi. Bu haqda 13 iyul, chorshanba kuni «Mediazona» muxbiri sud zalidan xabar berdi. 

Kuni kecha Rossiya Tergov qo‘mitasi Ilya Yashinga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgani ma’lum bo‘ldi. 7 aprel kuni Yashinning rossiyalik harbiy xizmatchilar tomonidan Ukrainaning Bucha shahrida tinch aholiga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar haqida hikoya qilingan YouTube-kanalidagi ko‘rsatuv jinoiy ishga sabab bo‘ldi. Politsiya xodimiga bo‘ysunmaganlikda ayblanib, 12 iyul kuni ma’muriy qamoqqa olingan siyosatchining Moskvadagi xonadonida tintuv o‘tkazildi. 

Rossiya Jinoyat kodeksiga 207.3-modda «Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari, Rossiya Federatsiyasining davlat organlari tomonidan vakolatlarini amalga oshirish to‘g‘risida qasddan yolg‘on ma’lumotni ommaviy ravishda tarqatish» Ukrainaga hujum boshlanganidan bir oy o‘tib, 25 mart kuni kiritilgan. Buning uchun jazo «5 yilgacha muayyan lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish, 10 yildan 15 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish»ni nazarda tutadi. 

Mavzuga oid