«Siti» – «Bavariya», «MYu» - «Atletiko», Shomurodov Songa qarshi. APL yetakchilari mavsumga qanday tayyorgarlik ko‘radi?

Foto: AP
Iyul oyi o‘rtasiga kelib, ko‘hna qit’a klublari yangi mavsumga hozirlikni boshladi. Tayyorgarlik bahonasida Yevropa grandlarining Osiyo, Avstraliya va Amerika turnesida qatnashishi so‘nggi ikki yilni aytmasa, odat tusiga aylangan edi. Angliya Premer-ligasining nomdor klublari yangi mavsumga tayyorgarlik doirasida afishasi jarangdor bahslarda maydonga tushadi. «MYu» - «Atletiko», «Siti»ning «Bavariya» va «Barsa» bilan o‘yini, Shomurodov – Son Hyon Min qarama-qarshiligi muxlislar e’tiborini tortadi.
«Manchester Yunayted»: «Atletiko»ga qarshi bahs kutmoqda
Yangi bosh murabbiy Erik Ten Hag ustozligidagi «Manchester Yunayted» transfer oynasida eng faol klub bo‘lishi kutilgan edi, ammo «qizil iblislar» hozircha asosan futbolchilar bilan xayrlashishdi. Jahonning eng yirik klublaridan biri karantin sababli so‘nggi ikki yildagi turnelarini bekor qilgan edi. Bu safargi mavsum oldi turneda esa «MYu» Osiyo, Okeaniya va Skandinaviyada yig‘in doirasida o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushadi.
Ten Hagning norasmiy debyuti Tailandda bo‘lib, 12 iyulda «Yunayted» azaliy raqibi «Liverpul»ni kutilmaganda yirik hisobda (4:0) mag‘lub etdi. 15 iyul kuni esa «MYu» jamoasi qariyb 7,5 ming kilometr parvoz qilib, Avstraliyada «Melburn Viktori» jamoasiga qarshi saf tortadi. 4 kun o‘tib esa «Kristal Pelas»ga qarshi bahs ham yashil qit’ada o‘tadi. 23 iyul kuni esa Pertda «Aston Villa»ga qarshi maydonga tushib, Avstraliyadagi turnega yakun yasaladi. Shundan so‘ng manchesterliklar 14 ming kilometrdan ko‘proq parvoz qilib, 30 iyul kuni Norvegiyada Madridning «Atletiko» klubiga qarshi mavsum oldi so‘nggi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazishadi. 7 avgust kuni esa APL 1-turi doirasida «Brayton»ga qarshi maydonga tushiladi.

«MYu»ning mavsumoldi o‘yinlari:
15 iyul. «Melburn»
19 iyul: «Kristal Pelas»
23 iyul: «Aston Villa»
30 iyul: «Atletiko»
«Liverpul»: Osiyo va Okeaniyaga turne
Yakunlangan mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazganiga qaramay, faqatgina Angliya kubogi va Angliya liga kubogi sohibiga aylangan, APL va YeChLda esa ikkinchi bo‘lgan «Liverpul» mavsum oldidan Tailand va Avstraliyaga safar qiladi. Yurgen Klopp shogirdlari 12 iyul kuni Bangkokda «MYu»ga mag‘lub (0:4) bo‘ldi, Okeaniyada esa «Kristal Pelas» bilan o‘yin o‘tkazadi.
«Qizillar»ni 21 iyul kuni Germaniyada «Leypsig»ga qarshi, 27 iyulda esa Avstriyada «Red Bull Zalsburg» bilan o‘rtoqlik o‘yinlari ham kutib turibdi.
30 iyul kuni esa Mersisayd klubi dastlabki rasmiy bahsini Angliya Superkubogi doirasida «Manchester Siti»ga qarshi o‘tkazadi.
«Liverpul»ning mavsumoldi o‘yinlari:
- 15 iyul: «Kristal Pelas»
- 30 iyul: «Manchester Siti»
- 21 iyul: «Leypsig»
- 27 iyul: «Red Bull Zalsburg»
«Manchester Siti»: «Bavariya» va «Barsa»ga qarshi o‘yin
APLning amaldagi chempioni sanalmish «Manchester Siti» boshqa raqiblaridan farqli o‘laroq, mavsumlar oralig‘ida ko‘p o‘yin o‘tkazmaydi. Pep Gvardiola shogirdlari nisbatan kechroq yig‘ilib, AQShdagi turneda ishtirok etishadi. «Shaharliklar» okean ortidagi dastlabki o‘yinni 21 iyul kuni Texas shtatidagi «NRG-stadium»da Xyustonning «Amerika» klubiga qarshi saf tortadi. Shu kuni yozgi transfer oynasining asosiy transferi bo‘lib turgan Erling Holand manchesterliklar safida norasmiy debyutini o‘tkazishi kutilmoqda.
Ikki kun o‘tib, «Siti» Viskonsin shtatidagi «Lambeau Field» stadionida «Bavariya»ga qarshi o‘rtoqlik bahsida maydonga tushadi. Sadio Maneni o‘z safiga qo‘shib olgan Myunxen klubiga qarshi bahs o‘rtoqlik maqomida bo‘lsa-da, bir haftadan keyin – 30 iyulga belgilangan «Liverpul»ga qarshi Angliya Superkubogi oldidan tayyorgarlik o‘yini vazifasini o‘tab beradi.
Darvoqe, «Siti» APL o‘yinlarini boshlaganidan so‘ng, 25 avgust kuni «Kamp Nou»da «Barselona»ga qarshi o‘rtoqlik bahsida maydonga tushadi. Uchrashuvdan tushgan mablag‘ xayriyaga yo‘naltiriladi.

Mavsumoldi o‘yinlar jadvali:
- 21 iyul: «Amerika»
- 23 iyul: «Bavariya»
- 25 avgust: «Barselona»
«Chelsi»: AQSh turnesi va «Arsenal»ga qarshi bahs
Klub rahbariyatida katta o‘zgarishlar kuzatilgan «Chelsi» mavsum startidan avval yangi xo‘jayinlari vatani – AQShda tayyorgarlik ko‘radi. Amerika turnesi 17 iyul kuni Texasda «Amerika» klubiga qarshi bahs bilan boshlanadi. 21 iyul kuni esa Tomas Tuxel shogirdlarini MLSning o‘rtamiyona jamoasi «Sharlott» klubiga qarshi uchrashuv kutib turibdi.
Ikki kun o‘tib esa «Chelsi» Florida kubogi doirasida «Arsenal»ga qarshi saf tortadi. London klublarining okean ortidagi o‘zaro o‘yini ham tayyorgarlik, ham jamoalarga moliyaviy jihatdan yaxshigina daromad keltiradi. «Chelsi» APL dastlabki turini 6 avgust kuni «Everton»ga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi. Lempard jamoasiga qarshi o‘yingacha «aristokratlar» yana bitta o‘rtoqlik bahsi o‘tkazishni rejalashtirgan.
Mavsumoldi o‘yinlar jadvali:
- 17 iyul: «Amerika»
- 21 iyul: «Sharlott»
- 23 iyul: «Arsenal».
«Arsenal»: Amerika turnesi va «Sevilya» bilan o‘yin
O‘tgan mavsumni 5-o‘rinda yakunlab, alamli tarzda Chempionlar ligasiga yo‘llanma ololmagan «Arsenal» yangi mavsum oldidan AQSh va Angliyada o‘yinlar o‘tkazadi. Mikel Arteta shogirdlari 8 iyul kuni Germaniyada «Nyurnberg»ga qarshi saf tortib, Jyezusning dubli evaziga g‘alaba (5:3) qozondi, 17 iyulda AQShning Merilend shtatida «Everton»ga qarshi o‘ynaydi. 21-30 iyul kunlari esa AQShda «Orlando» va «Chelsi» hamda Londonda «Sevilya»ga qarshi uchrashuvlar o‘tkazadi. 6 avgust kuni esa APL 1-turi doirasida «Kristal Pelas» bilan ochilish o‘yini kutib turibdi.
Mavsumoldi o‘yinlar jadvali:
- 17 iyul: «Everton»
- 21 iyul: «Orlando»
- 23 iyul: «Chelsi».
- 30 iyul: «Sevilya».
«Tottenhem»: Janubiy Koreya turnesi va «Roma»ga qarshi bahs
Antonio Konte murabbiyligida APL yakunlangan mavsumini 4-o‘rinda tugatgan va Chempionlar ligasi yo‘llanmasi sohibiga aylangan «Tottenhem» ikki yillik karantin cheklovlaridan so‘ng ilk marta turnega chiqadi. London klubi jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan Son Hyon Minning vatani – Janubiy Koreyaga safar uyushtirdi.

13 iyul kuni «Tottenhem» Seulda K-liga yulduzlariga qarshi saf tortib, 6:3 hisobida zafar quchdi. 16 iyul kuni Suvonda «Sevilya» bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. 23 iyulda esa Shotlandiyada «Reyndjers»ga qarshi bahs kutib turibdi. So‘nggi tayyorgarlik o‘yini doirasida esa 30 iyul kuni Isroilda «Roma»ga qarshi uchrashuv o‘tkaziladi. Konte – Mourino, Son Hyon Min – Shomurodov to‘qnashuvi muxlislar e’tiborini tortishi aniq. 6 avgustda esa «taqachilar» APL dastlabki turida «Sauthempton»ni qabul qilishadi.
Mavsumoldi o‘yinlar jadvali:
- 16 iyul: «Sevilya»
- 23 iyul: «Reyndjers»
- 30 iyul: «Roma».
Usmon Ibodov
Tavsiya etamiz
Nima uchun Koreyani tanlash yoki tanlamaslik kerak? | SUBYEKTIV
Jamiyat | 19:02 / 30.06.2025
Urush tugadi, endi Isroil va Eron nima qiladi?
Jahon | 12:02 / 30.06.2025
Ko‘chmas mulk savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilyapti
Iqtisodiyot | 11:26 / 30.06.2025
Hindistonda o‘n millionlab odam uran bilan ifloslangan suvni ichmoqda - olimlar
Jahon | 09:01 / 30.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Nogironligi bor shaxslarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga subsidiya ajratish tartibi belgilandi
O‘zbekiston | 13:38
-
Le Monde: Anorbank aksioneri Parijda o‘g‘irlab ketildi
O‘zbekiston | 13:36
-
OAV: «Liverpul» hujumchisi Jota YTH oqibatida halok bo‘ldi
Sport | 13:23
-
Yevroparlament Yevrokomissiyaga ishonch masalasi bo‘yicha ovoz beradi
Jahon | 13:07
Mavzuga oid

12:21 / 01.07.2025
Klublar mundialida sensatsiyalar kuni. «Siti» va «Inter» turnirdan chiqarib yuborildi

13:36 / 29.06.2025
Yilning eng uzun o‘yini: «Chelsi» va «Benfika» bahsi boshlanganidan 4,5 soat o‘tib yakunlandi

11:59 / 27.06.2025
Vinisius «Real»ni birinchi o‘rinda olib chiqdi, «Siti» «Yuventus»ga 5 ta gol urdi

10:10 / 23.06.2025