Jamiyat | 16:46 / 16.07.2022
19009
4 daqiqa o‘qiladi

«Hajga borib-kelish mansab emas» - Hojilarni kutib olishdagi isrof va kibr haqida

Hajga borib-kelish – mansab yoki elga xizmat emas, balki inson o‘zi uchun qilgan amali, xokisorlikning cho‘qqisidir. Hajga borgandan faxrlanish, «Hoji aka» demasa xafa bo‘lish, dabdaba bilan kutib olishni talab qilish hech to‘g‘ri ish emas», – deydi Hasanxon Yahyo Abdulmajid.

Kun.uz haj ibodati, uning hikmatlari, hojilarga beriladigan savoblar, Haj qilishdagi niyat hamda ushbu ulug‘ ziyoratga doir xalqimizni qiziqtirgan masalalar yuzasidan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan suhbat uyushtirdi.

— Hajdan qaytgan ziyoratchilarni dabdaba bilan kutib olib, hatto haftalab ziyofat berishadi. Umuman o‘zi Hajdan qaytgandan keyin qanday amallar targ‘ib qilinadi?

— Haj bu bitta farzni bajarish. U mansab yoki elga xizmat emas, inson o‘zi uchun qilgan amali. Bu xokisorlikning cho‘qqisi bo‘lgandan keyin kibrga sabab bo‘lmasligi kerak. Hajga borgandan faxrlanish, Hoji aka demasa xafa bo‘lish, dabdaba bilan kutib olishni talab qilish hech to‘g‘ri ish emas.

Lekin Haj islomning shiori bo‘lgani uchun uni ulug‘laydigan ishlar marg‘ub. Masalan, Hajga borib kelgan odamga boshqalar ehtirom qilishi mumkin, lekin buni Hojining o‘zi talab qilishi mumkin emas. Bu shaxs uchun emas, amal uchun ehtirom bo‘ladi. Keyin, Hojiga ko‘rsatilgan ehtirom ham uning o‘ziga yuqori baho berib, amalini habata (bekor bo‘lib ketishi ma’nosida) qilish ehtimoli bo‘lsa, unga ehtirom ko‘rsatilishi zarar qilishi mumkin.

Uchinchidan, Hajdan kelayotgan odam uchun ko‘chaning boshidan gilam yozib, boshqalarning haqlarini poymol qilib, insonlarga qilinmaydigan ulug‘lashlarga aylanmasligi kerak. Yoki isrofga sabab bo‘lmasligi kerak. Hatto Abu Bakr roziyallohu anhu aytganlarki: “Men o‘lsam, menga yangi mato istab yurmanglar, eski kiyimimni kafanlanglar, yangi matoga tiriklar haqli”, deganlar.

— Hajga borgan odamni ziyorat qilish tartibi qanday bo‘ladi?

— Unga Islom shiorini ado qilgani uchun tabrik, u olgan ruhiy quvvatdan quvvat olish niyat qilinadi. Ruhiy quvvatning insondan insonga ta’siri bor. U odamdan duo olish, poklangan odam duolari ijobatga yaqin bo‘ladi. Haramda yurgan odam nurlanib ketadi, o‘sha ziyodan bahra olish niyat qilinadi.

Ziyorat o‘zi asli ibodat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Qiyomat kuni shunday nurdan bo‘lgan taxtlarda, nurdan bo‘lgan kiyimlarni kiyib, nur taralib turgan kishilar bo‘ladi”. Bular kimlar, payg‘ambarlarmi yo shahidlarmi, deyishadi. Shunda: “Bular bir-birini Alloh uchun ziyorat qilgan odamlardir”, deyiladi.

To‘liq suhbat bilan yuqoridagi videoda tanishish mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.

Mavzuga oid