O‘zbekiston | 10:42 / 22.07.2022
7539
3 daqiqa o‘qiladi

200 ming so‘mlik banknotalar nima uchun muddatidan oldin chiqarilganligiga izoh berildi

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovning ta’kidlashicha, 200 ming so‘mlik inflatsiyani to‘xtatish yoki bankomatlar uchun chiqarilmagan, bundan asosiy maqsad odamlarga qulaylik yaratish. “Eng yirik banknota o‘rtacha oylikning kamida 30−40 foiziga teng bo‘lishi kerak. Bu ko‘rsatkich ayrim davlatlarda 50 foiz”, dedi u.

Mamarizo Nurmurodov / Foto: Kun.uz

21 iyul kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani bir bandga pasaytirib, 15 foiz etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilgach, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda MB raisi nima sababdan 200 ming so‘mlik banknota chiqarilganligiga izoh berdi.

“Ba’zi blogerlarimiz 200 ming so‘mlik banknota chiqdi, endi inflatsiyani to‘xtatib bo‘lmay qoladi, deb yozishdi. 200 ming so‘mlikni inflatsiyani to‘xtatish yoki bankomatlar uchun chiqarganimiz yo‘q-ku, bundan asosiy maqsad odamlarga qulaylik yaratish.

Birinchidan, umume’tirof etilgan naqd pulning o‘ziga xos qoidalari bor. Ya’ni eng yirik banknotadagi kupyura o‘rtacha oylikning kamida 30−40 foiziga teng bo‘lishi kerak. Bu ko‘rsatkich ayrim davlatlarda 50 foiz.

Ikkinchidan, biz o‘rgangan yana bir jihat: odamlarimizning o‘rtacha xarid summasi qancha bo‘layotganligi bo‘ldi. Hozirda o‘rtacha xarid summasi 200, 300, 500 ming so‘mdan oshayotgan holatlar bor. Endi buni segmentlar bo‘yicha o‘rganamiz, masalan, dehqon bozorida qanday xarid, savdo komplekslarida qanaqa? Xuddi shu jihatlarni asos qilgan holda 200 ming so‘mlikni kutib o‘tirmay, oldinroq chiqardik.

Uchinchidan, biz jami muomaladagi banknotalar sonini ham monitoring qilib boramiz. Masalan, ikki yil oldin naqd pul banknotalari soni aholi jon boshiga 370 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkichni 70 tadan ortiqroqqacha kamaytirdik. Yirik banknotalar chiqarilishidan maqsad, xalqimizga qulaylik yaratish.

Yana bir narsani qo‘shimcha qilmoqchiman, pul massasining ko‘payishi iqtisodiyotdagi bo‘layotgan ijobiy o‘sish va o‘zgarishlarning mahsuli hisoblanadi, ya’ni pul o‘zidan o‘zi ko‘payib ketmaydi. Biz pul massasini nazorat qilib, biror natijaga erisha olmaymiz, faqatgina xalqimizga qiyinchilik va ovoragarchilik tug‘dirishimiz mumkin”, dedi Mamarizo Nurmurodov.

Mavzuga oid