Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga roppa-rosa ikki yil qoldi. Dunyoning barcha sportchilari sport bayramini kutmoqdalar, ammo bu orada musobaqa tashkilotchilari kamida uchta jiddiy muammoga duch kelgan. Olimpiya o‘yinlarini o‘z vaqtida o‘tkazish xavf ostida bo‘lishi mumkinmi?
Pul yetarli emas
Fransiyaning AFP axborot agentligi tomonidan olib borilgan tekshiruv umidsiz natijalarga olib keldi. Birinchi muammo – bu mablag‘ yetishmasligi.
Olimpiadani o‘tkazish xarajatlari 3,8 milliard yevroga baholangandi. Ikki yil avval, COVID-19 pandemiyasi tufayli musobaqa budjeti 400 million yevroga qisqardi.
Ammo endi yana bir muammo paydo bo‘ldi – inflatsiya o‘sishi. Shu sababli, olimpiya inshootlarini qurish uchun mas’ul bo‘lgan Solideo kompaniyasida qo‘shimcha xarajatlar yuzaga keldi. Bu esa, katta ehtimol bilan, davlat tomonidan qoplanishi kerak. Ammo oddiy fransuz xalqi inqiroz davrida O‘yinlarni tashkil etish uchun davlat budjetidan katta miqdorda mablag‘ ajratilishini ma’qullaydimi?
Daromad bilan bog‘liq narsalar ham silliq kechmayapti – chiptalar sotuvi faqat dekabrda boshlanadi, ba’zi yirik homiylar esa hamkorlik shartnomalarini imzolamagan.
Shahar falaj holatiga tushadimi?
Olimpiada uchun Parijda 10 millionga yaqin muxlis kutilmoqda va ularning shahar bo‘ylab harakatlanishi ham muammo keltirib chiqarishi mumkin. Parij markazini Olimpiada inshootlari bilan bog‘lashi kerak bo‘lgan ikkita metro liniyasi qurilishi o‘z vaqtida yakunlanishiga shubha bor. Biroq, AFP xabariga ko‘ra, tashkilotchilar bu masalani nazorat ostiga olishganini aytishgan.
Hozircha yer usti transporti orqali harakat qilish ham qiyin bo‘lishi mumkin: Fransiya avtobus haydovchilari yetishmasligi muammosini bartaraf etishga, shuningdek, Paralimpiya o‘yinlari uchun qulay muhit yaratishga harakat qilmoqda.
Xavfsizlik muammolari
Fransuzlar dopingga qarshi kurash jarayonini tashkil qilishda ham qiyinchiliklarga duch kelishdi. XOQ bundan tashvishda ekanini bildirdi. Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi Xalqaro test agentligi xodimlarining qiyinchiliksiz ishlashiga imkon beradigan logistika masalalarini ishlab chiqishi kerak.
Ko‘pchilikni tashvishga solayotgan yana bir masala – Olimpiya o‘yinlari mehmonlari xavfsizligi. «Stad de Frans» stadionida bo‘lib o‘tgan Chempionlar ligasi finalidagi voqealar fransuzlarning eng yirik sport musobaqasida xavfsizlikni ta’minlay olishiga shubha uyg‘otmoqda.


















