Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniya hukumati energiyani tejash bo‘yicha chora-tadbirlar paketini tasdiqladi
Avvalroq YeIning gaz bo‘yicha favqulodda rejasiga qarshi chiqqan mamlakat energiyani tejash maqsadida ofis binolarini isitish va yoritishga cheklovlar kiritmoqda, shuningdek, gaz sarfini 7 foizga kamaytirishga harakat qiladi.
Ispaniya hukumati Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va buning natijasida Yevropada energiya inqirozi tahdidining kuchayishi fonida energiyani tejash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga kelishib oldi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori haqida 1 avgust, dushanba kuni kechqurun mamlakat atrof-muhitni o‘zgartirish vaziri Tereza Ribera ma’lum qildi.
Xususan, mamlakatdagi barcha davlat sektori binolari, savdo va ofis markazlari, kinoteatrlar, mehmonxonalar, vokzallar va aeroportlarda yozda Tselsiy bo‘yicha 27 darajadan past yoki qishda Tselsiy bo‘yicha 19 darajadan yuqori haroratni o‘rnatish taqiqlanadi.
Qirollik farmonida belgilangan chora-tadbirlar, Riberaning so‘zlariga ko‘ra, hujjat rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng darhol boshlanadigan va 2023 yil 1 noyabrgacha amal qiladigan bir haftalik o‘tish davri ichida kiritilishi kerak. Ularni «tanqidiy vaziyatda» zarur bo‘lgan dastlabki paket deb hisoblash mumkin, dedi vazir va Yevropa Ispaniyaning yordamiga muhtojligini hamda «birdamlik vaqti kelgani»ni qo‘shimcha qildi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan hujjatda, jumladan, do‘kon va korxonalarga 30 sentabrgacha hamma joyda o‘rnatilishi kerak bo‘lgan avtomatik tizimlardan foydalangan holda eshiklarni yopiq saqlash majburiyati bor. Bundan tashqari, foydalanilmayotgan idoralar, vitrinalar va yodgorliklarni yoritish soat 22:00 dan keyin o‘chirilishi, alohida binolarda energiya samaradorligi tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak. Ribera xususiy korxonalarni uydan ishlash hajmini oshirishga chaqirdi.
Yozgi ta’til tugagandan so‘ng e’lon qilinadigan bu va boshqa chora-tadbirlarni Ispaniya iyul oyi oxirida kelishilgan Yevropada gaz bo‘yicha favqulodda reja doirasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarish uchun qabul qilmoqda. Mamlakat, xususan, gaz iste’molini 7 foizga kamaytirishga harakat qiladi.
26 iyul kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilishda qabul qilingan gaz rejasiga ko‘ra, avgust oyidan boshlab Yevroittifoq mamlakatlariga gaz iste’molini 15 foizga kamaytirish tavsiya etilgan. Tejalgan resurs yerosti omborlariga joylashtirilishi kerak, shunda YeIga a’zo davlatlar qishda yonilg‘i bilan yetarli darajada ta’minlanadi.
Dastlab, Ispaniya favqulodda vaziyat rejasiga qarshi chiqdi, lekin oxir-oqibat uni ma’qulladi. Madriddan tashqari, Portugaliya, Malta, Kipr va Irlandiya o‘zi uchun istisnolar bo‘yicha kelishib oldi. Bu davlatlar 15 foiz darajasida gaz tejash bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichga rioya qilishlari shart emas, chunki ular Yevropa gaz tarmog‘iga umuman ulanmagan yoki Rossiya gazini sotib olmagan.
Mavzuga oid
08:16 / 19.06.2026
Qaysi davlatlar energiyani iste’mol qilganidan ko‘proq ishlab chiqaradi?
18:57 / 15.06.2026
Yaponiya O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish uchun 230 mln dollar kredit ajratadi
21:33 / 25.04.2026
Smartfonda energiya tejash rejimini qachon yoqish kerak?
11:44 / 23.04.2026