Unda aytilishicha, 2021 yil 28 dekabrdagi 67-sonli prezident qarori bilan tasdiqlangan 3 ta amaliy harakat rejasida jami 116 ta banddagi vazifalarning 5 tasi bajarilgan, 77 tasi o‘z vaqtida bajarilmoqda, 34 tasining (29 foizi) ijrosi kechiktirilmoqda.

Majlisda Senat raisi Tanzila Norboyeva amaliy harakatlar rejalari («yo‘l xarita»lari) ijrosining borishi to‘g‘risida fikrlarini bildirdi.

«Yo‘l xarita»larning ijro holatini qoniqarli deb bo‘lmaydi

«1 va 2-ilova bilan tasdiqlangan «yo‘l xarita»lari ijrosiga Tashqi ishlar vazirligi, 3-ilova bilan tasdiqlangan «yo‘l xarita»si ijrosiga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mas’ul.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi – xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni muvofiqlashtirish, maqsadli foydalanilishini monitoring qilish, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilish sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va muvofiqlashtirish uchun mas’ul vakolatli davlat organi hisoblanadi. Biroq vazirlikning ishi sezilmayapti, ayrim loyihalar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, muammoning sabablarini o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar ko‘rinmayapti.

Vazirlik kiritgan ma’lumotiga ko‘ra, 40 ta investitsiya loyihasidan 10 tasi qoloqlik bilan amalga oshirilyapti. Muammoning sabablari keltirilmagan, takliflar esa nomiga (belgilangan vazifani bajarish haqida) berilmoqda. O‘rganishlarimiz qoloqlik bilan amalga oshirilayotgan loyihalar soni ko‘pligini ko‘rsatmoqda, ya’ni 21 ta loyiha o‘z vaqtida bajarilmayapti. Muammolar sababini o‘rgandik, har bir «yo‘l xarita» bo‘yicha alohida-alohida to‘xtalib o‘tamiz.

I. Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida imzolangan hujjatlarning amalga oshirilishi (muvofiqlashtirish uchun mas’ul Tashqi ishlar vazirligi).

1-«yo‘l xarita» bo‘yicha jami 11 ta bandning 8 tasi o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligiga tegishli 3 ta banddagi vazifalar ijrosi sust olib borilmoqda. Xususan:

«Yo‘l xarita»ning 2-bandiga muvofiq sog‘liqni saqlash sohasida, jumladan, kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi chora ko‘rish bo‘yicha hamkorlik Bitimi imzolanishi kerak edi (muddat – 25 may). Bajarilmadi.

Ushbu masalada Koreya tomoni davlat ichki tartiblarini shu yilning yanvar oyidayoq bajargan. Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat tartib-taomillarini bajarmasdan tegishli prezident qarori loyihasini kechiktirmoqda.

«Yo‘l xarita»ning 11-bandiga muvofiq mintaqaviy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha loyiha hujjatlarini va Hukumat qarorini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun kiritish kerak edi (muddat – fevral). Bajarilmadi.