Jahon | 12:14 / 04.08.2022
8868
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Tayvan bo‘g‘ozida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda

XXR xalq-ozodlik armiyasi Tayvan bo‘g‘ozi sharqiy qismidagi aniq hududlarni o‘qqa tutdi. 7 avgustga qadar davom etadigan mashqlar YeI tomonidan tanqid va ASEANning xavotiriga sabab bo‘ldi.

Foto: Picture Alliance

Xitoy xalq-ozodlik armiyasi 4 avgust, payshanba kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifiga javoban Tayvanga yaqin hududda havo va dengiz harbiy mashg‘ulotlarini boshladi. Mashqlar 7 avgustga qadar o‘tkaziladi, ular doirasida aniq nishonlarga o‘q otish rejalashtirilgan. Xususan, Tayvan bo‘g‘ozining sharqiy qismidagi aniq hududlarga zarbalar berish bilan uzoq masofadan otishmalar amalga oshirildi, deb xabar qildi Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi.

O‘z navbatida, Tayvan ma’muriyati vakillari harbiylar jangovar tayyorgarligini oshirayotgani va Tayvan bo‘g‘ozidagi vaziyatga munosib javob berishini ma’lum qildi. Xususan, Xitoy HHK harakatlarini kuzatish uchun Tayvanda raketa tizimlari joylashtirildi, Tayvan harbiy kemalari esa Xitoy HDK harakatlarini kuzatib bormoqda, deb xabar berdi Reuters. Avvalroq Tayvan ma’muriyati mustaqil davlat maqomini himoya qiluvchi, biroq rasmiy Pekin tomonidan Xitoy provinsiyalaridan biri deb ko‘riluvchi orol respublikasi hududiga XXR harbiylari bostirib kirishini istisno etmagan edi. 

Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASeAN) Tayvan bo‘g‘ozidagi keskinlik «yirik davlatlar o‘rtasidagi ochiq to‘qnashuvlarga va oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga» olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. «ASeAN barcha tomonlar o‘rtasida tinch muloqotni rivojlantirishda konstruktiv rol o‘ynashga tayyor», — deyiladi assotsiatsiya bayonotida. U tomonlarni maksimal darajada vazminlikka va provokatsion harakatlardan tiyilishga chaqirdi. 

Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Xitoyning Tayvan atrofida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish rejalarini qoraladi. «Nensi Pelosining tashrifidan Tayvan bo‘g‘ozidagi tajovuzkor harbiy harakatlar uchun bahona sifatida foydalanishga hech qanday sabab yo‘q. Mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchilarining xalqaro miqyosda safar qilishi odatiy holdir», - deb yozdi YeI diplomatiyasi rahbari Twitter’da.

So‘nggi kunlarda AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikerining orolga tashrifi tufayli Xitoyning materik qismi va Tayvan hukumatlari o‘rtasidagi taranglik kuchaydi. Nensi Pelosi Tayvanga 2 avgust oqshomida Osiyo davlatlari bo‘ylab turnesi doirasida yetib keldi va 3 avgust kuni u yerdan jo‘nab ketdi. 

Tashrif davomida Tayvanni Vashingtonning keng qo‘llab-quvvatlashiga ishontirgan Pelosi 25 yil ichida Tayvanga tashrif buyurgan Qo‘shma Shtatlar Vakillar palatasining birinchi spikeri bo‘ldi. Tayvanni o‘z hududi deb hisoblaydigan Xitoy rasmiylari uning orolga kelishidan oldin ham keskin tanqid bilan chiqqandi. 

Mavzuga oid