16 avgust tongida Qrim shimolida portlashlar ro‘y berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda kuchli portlash va kulrang tutun ustuni yuzaga kelganini, shuningdek atrofga olov sochilishi bilan kechgan kichikroq kuchdagi portlashlarni ko‘rish mumkin. Mahalliy aholi vakillari xabar berishicha, kuchli portlash ovozlari uzoq masofalardan ham eshitilgan.

Portlashlar Jankoy tumani markazidan 20 kilometr uzoqlikdagi Mayskoye qishlog‘i hududida ro‘y bergan. Rossiya mudofaa vazirligi hodisani o‘q-dori omboridagi yong‘in va undan keyingi detonatsiya bilan izohlagan. Idora ma’lumotiga ko‘ra, bu harbiy qismdagi o‘q-dorilarni vaqtincha saqlash uchun ajratilgan maydonda sodir bo‘lgan.

Vazirlik Mayskoyedagi portlashlardan jiddiy jabrlanganlar yo‘qligi, yong‘inni o‘chirish va uning sabablarini aniqlash choralari ko‘rilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak bosib olingan Qrim - bu turizm haqida emas, «omborlar portlashi va bosqinchi hamda o‘g‘rilar uchun o‘lim xavfi ortishi» haqida bo‘lishini yozgan.

Qrim rahbari Sergey Aksenovning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida ikki kishi yaralangan - ularning birida oskolkadan jarohat qayd etilgan, boshqa birining ustiga «devor qulagan». Ularning hayoti jiddiy xavf ostida emasligi aytilgan.

Aksenovning ma’lum qilishicha, hodisa ro‘y bergan hudud atrofida besh kilometr radius bo‘ylab ikki mingga yaqin kishi evakuatsiya qilingan.

Hodisa oqibatida Mayskoye orqali o‘tgan temiryo‘l shikastlangan. Bu yo‘l bo‘ylab Jankoy va Simferopolga Rossiyaning materik qismidan poyezdlar keladi. Shu tufayli yarimorol rahbariyati Feodosiya yaqinidagi Vladislavovka stansiyasida barcha tarkiblar harakatini to‘xtatish bo‘yicha qarorga kelgan — bu yerda yo‘lovchilar vagonlardan tushiriladi va buyog‘iga avtobuslarda ketadi. Vladislavovkadan Simferopolgacha masofa — taxminan 100 kilometrni tashkil etadi.

«Qriminform» nashri yozishicha, Qrimda ikki joyda portlashlar ro‘y bergan: Jankoydagi transformator nimstansiyasida yong‘in va Mayskoye posyolkasidagi o‘q-dori omboridagi detonatsiya. UNIAN nashri yozishicha, guvohlar Jankoy rayonidagi elektr nimstansiyasida ham portlashlar bo‘lganini tasdiqlashgan.