Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Agrar universitet Samarqand filialida agrobiotexnologiya laboratoriyasi tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida agrobiotexnologiyalar o‘quv va ilmiy laboratoriyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Samarqand viloyati hokimligining 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida agrobiotexnologiyalar o‘quv va ilmiy laboratoriyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.
Belgilanishicha, laboratoriya Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali hududida tashkil etilib, barcha o‘quv va ilmiy faoliyatlar olib borishi uchun xizmat qiladi.
Quyidagilar laboratoriya asosiy vazifalari etib belgilanadi:
- lalmikorlik mintaqalari (tog‘oldi va tog‘li) kesimida tuproq ball boniteti unumdorligini (NPK, gumus miqdori) aniqlash va kartogrammasini tuzish;
- lalmi yerlardan samarali foydalanish, lalmi yerlar tuproq tahlilini to‘g‘ri tashkil qilish hamda tahlil natijasiga ko‘ra shu tuproqlarda yaxshi o‘sadigan ekin navlarini tanlash va yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
- lalmikor mintaqalarda qurg‘oqchilikka, issiqlikka va tabiat noqulay omillariga chidamli noan’anaviy (xantal, kamilina, afrika qunog‘i, artishok va boshqalar), dorivor (namatak, qorag‘at, bozilbon, valerina, za’faron, kovrak va boshqalar) va oziq-ovqat ekinlari ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilib, shu mintaqaga moslarini tanlab olish;
- lalmikorlikka mos o‘simliklar (ekinlar) tanlab olingandan so‘ng ular agrotexnologiyasini ishlab chiqish va ishlab chiqarishga tavsiyalar berish;
- laboratoriya qoshida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va xalqaro (Organic, Global G.A.P., Food) standartlar bo‘yicha tahlillarni o‘tkazish va sertifikatlash ishlarini olib borish;
- malakali kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida fan dasturlariga sohaga oid innovatsion va zamonaviy texnologiyalarni to‘g‘risidagi bilimlarni kiritish hamda tatbiq etishda laboratoriya ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish;
- laboratoriya ishlarida yetarli bilim va ko‘nikmalar hosil qilishi uchun filial professor-o‘qituvchilari malakasini xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarida oshirish va stajirovkalarini tashkil etish;
- sohaga oid zamonaviy bilimlarni keng ommaga yetkazish va qabul qilib olish maqsadida laboratoriyada olib boriladigan ishlar yuzasidan ilmiy-tadqiqot institutlari bilan manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar hamkorligida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish hamda ular natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish;
- professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talabalar yangi nav va ixtirolar yaratish hamda joriy etish borasidagi tashabbuskorligini va moddiy manfaatdorligini oshirish yuzasidan “tahlil laboratoriyasi” tashkil etish;
- kafedralar ixtisosligi bo‘yicha talabalar va yosh olimlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish maqsadida ilmiy maktab va to‘garaklarni, “Biotexnologiya olimi”ni (Biotechnology Scientist) tashkil etish hamda keyinchalik eng iqtidorli yosh olimlarni xorijiy davlatlarga o‘qishga va stajirovkaga yuborish;
- dunyo yetakchi davlatlarida olib borilayotgan biotexnologiyaga oid yangi ixtirolar va tajribalarni o‘rganish va joriy qilish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha almashinuv dasturlarini amalga oshirish, o‘quv-ta’lim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni faol jalb qilish.