Ochilish marosimi «Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yoʻlida» xalqaro sammiti doirasida oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, sammitda ishtirok etayotgan birinchi xonimlar va yuqori martabali mehmonlar qatnashdi.

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga kiruvchi markazda har bir bola uchun uning individual ehtiyojlariga mos dastur tuziladi. Ota-onalarga esa bolasi oʻzlashtirgan koʻnikmalarni uyda mustahkamlash boʻyicha mutaxassislar tavsiyalari beriladi.

Maktabgacha taʼlim boʻlimida 2 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun 10 ta ixtisoslashtirilgan guruh tashkil etilgan. Ambulator reabilitatsiya xizmatlari esa 2 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalarga koʻrsatiladi.

Markazda davolovchi jismoniy tarbiya, nutq va mayda motorikani rivojlantirish, sensor integratsiya mashgʻulotlari, fizioterapiya hamda boshqa muolajalar oʻtkaziladi.

Bu yerda yetti yoʻnalishdagi shifokorlar, defektolog pedagoglar, logopedlar, psixologlar va reabilitatsiya mutaxassislari faoliyat yuritadi.

Samarqanddagi muassasa Nukus, Qibray, Qarshi va Zarafshonda ham markazlari mavjud boʻlgan IMKON tarmogʻining yangi boʻgʻiniga aylandi.

2025-yilda tarmoq muassasalarida jami 546 mingdan ortiq muolaja va mashgʻulot oʻtkazilgan. Shu davrda 3777 nafar bola ambulator reabilitatsiyadan oʻtgan.




















