O‘zbekiston | 12:53 / 17.08.2022
12675
7 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda aholi murojaati qariyb sakkiz mingtaga kamaygan. Buning sababi nima?

Surxondaryo viloyatining barcha tuman-shaharlariga joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida Prezident virtual va xalq qabulxonalari orqali 14 234 ta murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 932 taga yoki 36 foizga kamayganini ko‘rsatdi.

Viloyat hokimligida aholi muammolarini eshitish va hal qilish uchun doimiy ishlovchi 1088-qisqa ishonch telefoni yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida 734 nafar fuqarolarning murojaatlari ro‘yxatga olindi. Shundan 528 tasi ijobiy hal qilindi.

Viloyatda murojaatlar o‘sish sabablari hududlar kesimida tahlil qilinib, murojaatlar sonini kamaytirish maqsadida, kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Ko‘rsatilgan hududlarda may-iyul oylarida Termiz shahri, Sho‘rchi, Denov, Qumqo‘rg‘on, Sherobod, Sariosiyo, Uzun, Angor, Muzrabot, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Termiz tumanlarida viloyat hokimi va sektor rahbarlarining ommaviy sayyor qabullari o‘tkazildi. 

Birgina, joriy yilning 16 iyun kuni viloyat hokimi To‘ra Bobolov rahbarligida eng ko‘p murojaat tushayotgan hudud hisoblangan Boysun tumani O‘rta Machay hududida o‘tkazilgan sayyor qabul davomida aholini qiynab kelayotgan ko‘plab muammolar o‘rganildi. Shu mahallaning Xo‘jadiyak qishlog‘i hududida 20 km., Sayrob mahallasi Qo‘shchinor qishlog‘iga 7 km. uzunlikdagi suv tarmog‘ini tortish ishlari uchun zarur bo‘lgan quvur ajratildi.

Shuningdek, Uzun tumani Nurli kelajak mahallasida o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabullarda maktab uchun yangi sport zali qurilishiga, 50 dona elektr ustunlar va bir dona transformator o‘rnatishga, aholi bandligini ta’minlash maqsadida 10 dona gilam to‘qish dastgohi va tikuv mashinkalari ajratilishiga kelishildi.

Joriy yilning 3 aprel kuni eng chekka hudud hisoblangan Boysun tumani Yuqori Machay mahallasi hududida o‘tkazilgan qabul jarayonida, viloyat hokimi tomonidan mahalla hududidagi muammolar atroflicha o‘rganildi. Yangi maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi hamda tibbiy punkt qurish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bundan tashqari, viloyat hokimi tomonidan o‘tkazilgan qabullar natijasiga ko‘ra, Boysun tumanidagi og‘ir hududlardan biri hisoblangan O‘rmonchi, Duoba va Dehibolo mahallalari aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 20 km. uzunlikdagi suv tarmog‘ini tortish ishlari uchun zarur bo‘lgan quvur ajratildi.

Viloyat hokimi rahbarligida o‘tkazilgan sayyor qabullardagi tushgan og‘zaki murojaatlar va viloyat hokimi nomiga fuqarolardan tushgan yozma murojaatlarni inobatga olib, joriy yilning 8 iyul kuni Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan, oilaviy sharoiti og‘ir 148 nafar fuqarolarga uy-joyining boshlang‘ich to‘lovini to‘lash, uy-joyini ta’mirlash, davolanishi va jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, dori-darmon olib berish, o‘quv shartnoma to‘lovlarini to‘lashga ko‘maklashish maqsadida 1543,5 mln so‘m moddiy yordam ajratish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

2022 yilning o‘tgan davrida 2295 nafar fukaroga 5 mlrd 424 mln so‘m

mablag‘lari sog‘liqni saqlash, kontrakt to‘lovlari, uy-joy muammolari va ijtimoiy himoya masalalari uchun ajratildi.

Turmush o‘rtog‘ining vafotidan so‘ng Rossiyaning Tyumen shahriga ishlash va yashash uchun ketib, 15 yildan ortiq vaqt davomida o‘sha yerda hujjatsiz, doimiy ish joyi yo‘q bo‘lgan 1946 yilda Uzun tumanida tug‘ilgan Anvar Nazarov “Vatanga qaytish” guvohnomasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi. Kelganidan so‘ng viloyat hokimligi tashabbusi bilan issiq kiyim bosh, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanib, hech kimi yo‘qligi uchun vaqtincha yashash uchun ijara uyi ajratildi. 5 mln so‘m moddiy yordam ajratilib, kelgan kuni fuqarolik pasporti tiklab berildi.

Bundan tashqari, o‘zlarining tashabbusi bilan Hindiston davlatiga jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun ketgan ko‘plab vatandoshlarimizga o‘sha davlatda bo‘lish chog‘ida viloyat hokimligi tomonidan moddiy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Jumladan, Sherobod tumanida yashovchi Samira To‘rayevaning oyog‘ida murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun 64 mln so‘m, Uzun tumanida yashovchi Zaynura Jumayevaning turmush o‘rtog‘ini jigar tserrozi jarrohlik amaliyoti o‘tkazishi uchun 50 mln so‘m, Oltinsoy tumanida yashovchi B.Xudoyberdiyevning jigar tserrozi jarrohlik amaliyoti o‘tkazishi uchun 50 mln so‘m ajratildi. Shuningdek, Jarqo‘rg‘on tumanidan X.Xidirovga 40 mln Jarqo‘rg‘on tumanidan Shukrona Shodimahmatovaga 37 mln Termiz tumanidan M.Madumarova nevarasi uchun 10 mln so‘m mablag‘ ajratib berildi. Ushbu fuqarolarning barchasi xorijda jarrohlik amaliyotini o‘tkazib qaytishdi.

2021 yilda 57 nafar chin yetim, boquvchisini yo‘qotgan va og‘ir sharoitda yashaydigan oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlarimizni turli xastaliklar bo‘yicha davolanishi va jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun moddiy yordam ajratildi. 

Misol uchun, Angor tumanida yashovchi Dilfuza Ochilovaning bir yoshli farzandi, Jarqo‘rg‘on tumani yashovchi Murotali Xolbo‘tayevning uch yoshli qizida yurak parogi jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish uchun moddiy yordam ko‘rsatildi.

273 nafar oilaviy sharoiti og‘ir fuqarolarning uy-joylarini qurib berish, ta’mirlash va qurilish mollari olib berishga ko‘maklashish maqsadida 2 mlrd 949 mln so‘mlik moddiy yordam berildi.

Uy-joylari ta’mirga muhtoj jami 200 dan ortiq uy-joylarni ta’mirlash uchun 950 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Ehtiyojmand fuqarolarga homiylar tomonidan jami 950,0 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Umuman, bu raqamlar ortida minglab taqdirlar, og‘ir vaziyatga tushib qolgan insonlarning muammolariga yechim topilgan. O‘z navbatida Surxondaryoda davlat idoralari, mas’ul rahbarlarning ko‘proq odamlar orasida bo‘lishi, aholi murojaatlariga to‘g‘ri yondashilganini anglash mumkin. Ya’ni, raqamlar bilan keltirilganidek, avvalgi yillarga qaraganda yuqori tashkilotlarga qilinadigan muammoli murojaatlar soni kamaygan. Har bir murojaat ortida qaysidir ma’noda odamlarning tashvishi, to‘planib qolgan muammolar turganini inobatga olsak, viloyat rahbarlarining joylarda o‘tkazayotgan sayyor qabullari hamda ochiq muloqoti ijobiy samara berayotganini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.

Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid