Jahon | 14:35 / 18.08.2022
19742
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya bilan yaqinlashgani uchun Turkiyadan o‘z kompaniyalarini olib chiqishi mumkin

Agar Turkiya RF bilan aloqalarni rivojlantirsa, Oq uy AQSh kompaniyalariga Turkiyani tark etishni tavsiya qilishi mumkin. Politico xabariga ko‘ra, bunday tavsiya sababi «rasmiy iqtisodiy hamkorlik»ning tuzilishi bo‘lishi mumkin.

Foto: AFP

Oq uy Amerika kompaniyalariga Anqara va Moskva «rasmiy iqtisodiy hamkorlik» bo‘yicha bir qarorga kelsa, Turkiya bilan biznesni qisqartirishni tavsiya qilishi mumkin. Bu haqda 17 avgust, chorshanba kuni Politico nashri AQSh ma’muriyatidagi manbaga tayanib xabar berdi.

«Biz Turkiya biznes va sarmoyani jalb qiluvchi global markaz bo‘lishi kerak, deb o‘ylaymiz, biroq Rossiya bilan yaqin munosabatlar Turkiyaning butun dunyo bilan integratsiyalashuvi uchun real xavflarni keltirib chiqaradi», — dedi nashr suhbatdoshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya va Rossiya o‘rtasida yanada yaqinlashuv kuzatilsa, Anqaraga dollarda to‘lovlarni amalga oshirish taqiqlanishi mumkin.

Turkiya va Rossiya prezidentlari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Vladimir Putin 6 avgust kuni Sochida muzokara o‘tkazdi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, milliy valutalarda savdoga o‘tish va mamlakatlar o‘rtasidagi yillik savdo aylanmasini 100 mlrd dollarga yetkazish haqida qaror qabul qilingan. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novakning xabar berishicha, turk tomoni ham Rossiya gazi uchun qisman to‘lovni rublda amalga oshirishga rozi bo‘lgan.

Avvalroq AQSh Rossiya bilan qurollanish sohasida hamkorlik qilgani uchun Turkiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilgan edi. Turkiya Rossiyada ishlab chiqarilgan S-400 zenit-raketa komplekslarini sotib olyapti. Shu munosabat bilan AQSh Turkiyani F-35 qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarish dasturidan chiqarib yubordi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid