Fojia 20 avgust kuni kechqurun Moskva halqa yo‘lidan 25 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. 29 yoshli Darya Dugina boshqarib borayotgan Land Cruiser Prado yo‘lda portlab ketgan. Ayol voqea joyida halok bo‘lgan.
Huquq-tartibot idoralari dastlab avtomobilda gaz balloni portlagan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan edi. Ammo hozirda qo‘lbola portlovchi qurilma mashina tagiga joylashtirilgan degan xulosaga yaqin turishibdi. Agar bu versiya tasdiqlansa, suiqasd nishoni Aleksandr Duginning o‘zi bo‘lgani oydinlashadi.
O‘sha kuni faylasuf va uning qizi Moskva yaqinidagi Zaxarovo qishlog‘ida o‘tkazilgan «Traditsiya» festivaliga mehmon sifatida taklif etilgan. Aynan o‘sha yerdagi avtoturargohga qo‘yilgan avtomobilga portlovchi moslama o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Dugin va uning qizi Moskvaga birga qaytishni rejalashtirishgan, biroq oxirgi lahzada rejalar o‘zgarib, otasi boshqa avtomobilga o‘tirgan.
Hozirda Tergov qo‘mitasi tomonidan «Qotillik» moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan.
Allegedly Dugin at the location where his daughter was assassinated. pic.twitter.com/2dHo6T4I27
— Dmitri (@wartranslated) August 20, 2022
Aleksandr Dugin faylasuf va konservativ publitsist, «Rus dunyosi» va neoyevrosiyo mafkurasining targ‘ibotchilaridan biri sifatida tanilgan. U Rossiyaning qo‘shni davlatlar ustidan hukmronlik qilishi kerakligi, AQSh va NATO ta’siriga qarshi turishi lozimligi haqidagi g‘oyalar tarafdori hisoblanadi. Dugin ko‘p yillar davomida Moskvani jahon sahnasida yanada tajovuzkor bo‘lishga chaqirib kelgan.
G‘arb ommaviy axborot vositalari uni zamonaviy Rossiyaning asosiy mafkurachilaridan biri, unga Vladimir Putin, Kreml rasmiylari va ko‘plab amaldorlar quloq soladi deb hisoblaydi.
2014 yilda Dugin Ukrainaga qarshi keskin bayonotlar bilan chiqqan, 2 may kuni Odessada yuz bergan fojiali voqealarni sharhlab, «o‘ldirish, o‘ldirish va yana o‘ldirish»ga chaqirgan edi. U Ukrainadagi urushni to‘liq qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Dugin 2014 yildan buyon Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatida, 2015 yildan esa Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishiga aloqadorlikda gumon qilinib, AQSh va Kanada sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.















