O‘zbekiston | 18:02 / 01.09.2022
12818
3 daqiqa o‘qiladi

“5 ta sohani 5 bahoga!” - Komil Allamjonov ustuvor sohalar belgilanganiga izoh berdi

“Prezident 5 ta sohani ustuvor qilib ajratib, hozirgi bor imkoniyat bilan shu 5 ta sohani 5 ga bajaramiz, uning ustiga o‘tirib olib, yoyilib ketmasdan ishlaymiz, demoqchi bo‘lyapti”, – deya izoh berdi Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari. U nega aynan ta’lim, sud, biznes, tibbiyot va ichimlik suvi muammolari tanlab olinganini tushuntirdi.

Foto: Komil Allamjonov / Telegram

Ta’lim, sud, tadbirkorlik, tibbiyot, ichimlik suvi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda keyingi besh yilda shu beshta yo‘nalishga eng ko‘p e’tibor qaratilishini aytdi. Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov Telegram-kanalida bu borada izoh berdi.

“Kechagi prezident ma’ruzasi nimasi bilan farq qiladi? Undagi masalalar doim aytib kelinardi-ku.

Gap shundaki, yurtimizda muammo ko‘p, uning yechimi uchun imkoniyat kam. O‘zimizni qancha o‘qqa-cho‘qqa urmaylik, chegaralangan imkoniyat bilan masalani oxiriga yetkaza olmaymiz. Ishlarimiz natijasi chala-chulpa bo‘lib qolaveradi.

Buning yechim qanday, degan savolga kecha prezident javob berdi.

U 5 ta sohani ustuvor qilib ajratib, hozirgi bor imkoniyat bilan shu 5 ta sohani 5 ga bajaramiz, uning ustiga o‘tirib olib, yoyilib ketmasdan ishlaymiz, demoqchi bo‘lyapti”, – deya tushuntirdi Allamjonov.

Administratsiya rasmiysi nega aynan shu beshta yo‘nalish tanlab olinganiga ham to‘xtaldi.

“Ta’lim rivojlansa, bilimlilar ko‘payadi. Bilimlilar yurti hech qachon qoloq bo‘lmaydi.

Biznes ortidan odamlar, jamiyat boy bo‘ladi. Kambag‘allik qisqaradi. Boylari ko‘p yurtda turli sohalar, servis xizmatlar, umuman yaxshi hayotga intilish kuchayadi va barpo bo‘ladi.

Biznesmenlar huquqlarini shaxslar emas, qonun, odil sud himoya qila olsa, ular pulini chetga olib chiqib ketmaydi, chetdan kiradigan investorlar soni ham shunga qarab ko‘payadi, chunki ularda ham ishonch bo‘ladi.

Aslida, hamma muammoning yechimi bu – odil sud. Sud kuchli bo‘lsa, oddiy aytganda ta’limda ham, biznesda ham, meditsinada ham, suvda ham – hamma sohada “bespredel” kam bo‘ladi. Hamma o‘zining o‘rnini bilib yuradi.

Ertaga suv qurib qolsa, islohotlar ham ko‘ngilga sig‘maydi. Hozir suv kamayishi tezlashgan. Yaqin yillarda ayrim hududlar cho‘lga aylanib, qurg‘oqchilik kuchayib ketishi xavfi ortib borayapti. Meditsina muhimligini-ku gapirmasa ham bo‘ladi. U yerdagi korrupsiya va sifatsiz xizmatga har birimiz doim to‘qnash kelamiz.

P.S.: Bir so‘z bilan aytganda, aynan shu 5 ta sohani 5 ga bajara olishimiz shart”, – deya bayonot berdi Komil Allamjonov.

U avvalroq sud islohoti muhimligi haqida ham yozgandi:

“Odamlar barcha bahsli masalalarni ko‘chada emas sudda hal qilsin. O‘zbekistonda shaxslar emas, sud kafil bo‘lsin. Har bir fuqaro, investor adolatli sudga ishonib ish tutadigan davlat bo‘lsin”.

Mavzuga oid