O‘zbekiston | 12:02 / 01.09.2022
2074
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik kengashi tashkil etildi

Foto: Shutterstock

“O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan 2022 yildagi “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi

Hujjat bilan quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oluvchi “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan:

  • tadbirkorlik sub’yektlarini toifalarga ajratish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli ishlash;
  • tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratish;
  • tadbirkorlar uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor yaratish;
  • mulk huquqini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, mol-mulkni haqiqiy bozor aktiviga aylantirish;
  • tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortishni erkinlashtirish;
  • tadbirkorlar bilan uchrashuvda bildirilgan tashabbuslar ijrosini tashkil etish hamda “ochiq muloqot” natijalarini keng targ‘ib qilish.

Prezident huzurida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat kengashi tashkil etilib, unga prezident administratsiyasi rahbari raislik qiladi. Kengash tarkibiga vazirlik va idoralar rahbarlari, biznes vakillari kiritildi. Jamoatchilik kengashi asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • tadbirkorlar bilan “ochiq muloqot”da bildirilgan taklif va tashabbuslar vazirlik va idoralar tomonidan samarali va o‘z vaqtida ijro qilinishi holati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
  • davlat organlari, tadbirkorlik sub’yektlari, ilmiy doiralar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash;
  • tadbirkorlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;
  • tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish hamda vakolatli davlat organlariga taqdim etish;
  • tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, ular huquqiy madaniyatini oshirish va iqtisodiy ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashish.

“Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar bajarilishini nazorat qilish uchun har oyda davlat idoralari va tashkilotlar rahbarlari Vazirlar Mahkamasi rayosatida hisobot berib boradi. Har chorakda prezident administratsiyasida yig‘ilishlar o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid